Xitoyda tarkibida oltingugurt ko‘p bo‘lgan dizel yoqilg‘isidan foydalanish taqiqlandi. Bunday yoqilg‘i arzonligi sabab undan asosan kema va traktorlar uchun foydalanishadi. Xitoy hukumati atrof-muhitning ifloslik darajasi barcha mavjud normalardan oshib ketgani sabab shunday qat'iy chora qo‘llashga qaror qildi. Bu masala ayniqsa isitish mavsumi boshlanishidan avval dolzarbdir. 

Davlatning asosiy vazifasi - yoqilg‘i quyish shoxobchalarida yangi qonun ijrosini nazorat qilish. Inspektorlar bunday yoqilg‘ining sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun reyd va ekspertizalar o‘tkazishadi. Shunday bo‘lsa-da, asosan oltingugurtli yoqilg‘ida harakatlanuvchi kichik baliqchilar qayiqlarini nazorat qilish qiyinroq bo‘ladi.

Umuman olganda, Xitoy ekologik toza transport bo‘yicha mutlaq yetakchilik sari harakatlanishda davom etmoqda. 2017 yilning ilk 9 oyida mamlakatda 398 ming elektromobil xarid qilindi, mahalliy zavodlarda 424 ming elektrokar  ishlab chiqarildi, ya'ni xitoyliklar o‘zlarida ishlab chiqarilayotgan elektrotransportning deyarli barchasini sotib olishgan.