Xitoy zudlik bilan Amerikaning THAAD (Terminal High Altitude Area Defense) zenit-raketa kompleksining Koreya Respublikasida jangovar ekspluatatsiyaga tushirilishini to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda Xitoy TIV rasmiy vakili Geng Shuang bayonot bergan.

«THAAD borasida Xitoyning pozitsiyasi o‘zgarmasdir. Biz bu tizimning Koreya Respublikasida joylashtirilishiga qarshimiz va tegishli tomonlarni bu jarayonni to‘xtatishga chaqiramiz. Biz o‘z manfaatimizni himoyalash yo‘lida tegishli choralar ko‘rishga tayyormiz», — degan u.

THAAD yer usti tizimi ballistik raketalarning parvoz trayektoriyasining o‘rta uchastkasi yoki mo‘ljalga yetayotgan vaqtida urib tushirishga mo‘ljallangan. U AQSh hamda uning ittifoqchi qo‘shinlarini, shahar va muhim obektlarni o‘rta uzoqlikdagi va strategik ballistik raketalardan himoya qila oladi.

2015 yilning mayida AQShning davlat kotibining qurollanishni nazorat qilish va bitimlarga rioya qilishni tekshirish masalari bo‘yicha o‘sha vaqtdagi yordamchisi Frenk Rouz Vashington «THAAD bo‘linmasini Koreya yarimorolida doimiy asosda o‘rnatish» variantini o‘rganib chiqayotganligini ma'lum qilgan edi. Ularning bu rejasiga Xitoy va Rossiya keskin qarshilik ko‘rsatmoqda.