Uzoq yillar davomida Shimoliy Koreya tungi sun’iy yo‘ldosh suratlarida deyarli qorong‘i hudud sifatida ko‘rinib kelgan. Elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli mamlakat shaharlarida yoritish darajasi juda past edi.
Biroq NK News ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yil aprelidan boshlangan olti yillik davrda Pxenyan markazida yoritilgan hudud maydoni ikki barobardan ziyod kengaygan, yorug‘lik intensivligi esa uch baravar oshgan.
Nashr buni Shimoliy Koreya hukumati poytaxt markazidagi yangi binolar va yo‘l infratuzilmasini elektr energiyasi bilan ta’minlashga ustuvor ahamiyat berayotganining belgisi sifatida baholaydi. Bu orqali hukumat iqtisodiy yutuqlarni namoyish etishga intilayotgani aytilmoqda.
Pxenyanda 50 mingta yangi xonadon
2021-yil yanvarda bo‘lib o‘tgan Koreya Mehnat partiyasining VIII s’yezdida Kim Chen In Pxenyanda 50 mingta yangi kvartira qurish rejasini e’lon qilgan edi.
Bu reja bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Jumladan, yangi Xvason mavzesida ikkita 40 qavatli turar joy binosi qurilgan. Ularning tashqi ko‘rinishi Shimoliy Koreyaning «Xvason» qit’alararo ballistik raketalarini eslatadi.
So‘nggi yillarda Pxenyanning umumiy qiyofasi ham sezilarli o‘zgargan. Shaharga uzoq yillardan beri tashrif buyurib kelayotgan kuzatuvchilar poytaxt tobora zamonaviylashib borayotganini qayd etmoqda.
Import avtomobillari, jumladan, Xitoy elektromobillari ko‘paygan. Aholi smartfon ilovalari orqali QR-kod bilan to‘lov qilish va taksi chaqirish xizmatlaridan foydalanmoqda. G‘arb kiyim-kechak va kosmetika brendlarini taklif qiluvchi savdo markazlari ham paydo bo‘lgan.
Yangi shifoxona, issiqxona va 20 ming kishilik kurort
Poytaxtda mamlakatdagi eng yirik poliklinika hamda maydoni Nyu-Yorkdagi Markaziy parkka tenglashtirilayotgan yirik issiqxona majmuasi qurib bitkazilgan.
Shimoliy Koreyaning sharqiy sohilida esa Kim Chen In bir yil avval Vonsan-Kalma turistik majmuasini ochgan. U besh kilometrlik sohil va bir vaqtning o‘zida 20 ming mehmonni qabul qilishga mo‘ljallangan mehmonxonalar majmuasini o‘z ichiga oladi.
Manbada qayd etilishicha, The Wall Street Journal ikki oy avval Shimoliy Koreyadagi jarayonlarni «ulkan iqtisodiy muvaffaqiyat tarixi» sifatida ta’riflagan.
Rossiya bilan harbiy hamkorlikdan milliardlab dollar
Tahlilchilar Pxenyandagi bu keskin iqtisodiy faollashuvning asosiy moliyaviy manbalaridan biri Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bilan bog‘liq daromadlar ekanini taxmin qilmoqda.
Seuldagi Milliy xavfsizlik strategiyasi instituti (INSS) mart oyida e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga o‘q-dori sotish va jang hududiga o‘z harbiylarini jo‘natish orqali 7,7 mlrd dollardan 14,4 mlrd dollargacha daromad olgan bo‘lishi mumkin.
Bloomberg Economics hisob-kitobiga ko‘ra esa, KXDRning Rossiyaga harbiy yordami 2022–2025-yillarda mamlakatga 14 mlrd dollardan ziyod mablag‘ keltirgan.
Yana qariyb 8 mlrd dollar Xitoy bilan savdo, shimoliy koreyalik ishchilarni xorijga yuborish, eksport operatsiyalari va kiberjinoyatchilikdan tushgani aytilmoqda.
Taqqoslash uchun, maqolada Shimoliy Koreyaning o‘tgan yilgi yalpi ichki mahsuloti 27 mlrd dollar atrofida bo‘lgani keltirilgan.
Kiberhujumlar ham daromad manbai sifatida ko‘rsatilmoqda
Shimoliy Koreyaga aloqador deb hisoblanadigan xakerlik guruhlari ham katta miqdorda kriptoaktivlarni o‘g‘irlashda ayblanib keladi.
Jumladan, 2025-yil fevralida Bybit kriptoplatformasiga uyushtirilgan yirik kiberhujum natijasida 1,5 mlrd dollarlik Ethereum o‘g‘irlangan. Ushbu hujum ortida Shimoliy Koreya xakerlari turgani taxmin qilingan.
«Hammasi tubdan o‘zgardi»
Rossiya bilan yaqinlashuv Kim Chen Inga nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy va harbiy jihatdan ham qo‘shimcha imkoniyatlar bergani ta’kidlanmoqda.
Maqolada bunga KXDRning 5 ming tonna suv sig‘imiga ega ikkita esminetsni suvga tushirgani misol qilinadi. Tahlilchilar fikricha, 15 yillik hukmronligi davomida Kim Chen In hozirgidek katta moliyaviy imkoniyat va siyosiy ta’sirga ega bo‘lmagan.
2021-yilda Kim Chen In Koreya Mehnat partiyasi s’yezdida iqtisodiyotning «deyarli barcha tarmoqlari kutilgan natijani bermaganini» tan olgan edi.
Oradan besh yil o‘tib, partiyaning IX s’yezdi o‘tkazilgan bino oldida 50 ta yangi yuqori aniqlikdagi 600 millimetrli reaktiv zalp o‘t ochish tizimi namoyish qilindi. Kim Chen In esa vaziyatni «hammasi tubdan o‘zgardi» deya baholagan.
KXDR xalqaro izolyatsiyadan chiqyaptimi?
Rossiya bilan sheriklik va Xitoy bilan munosabatlarning kengayishi Shimoliy Koreyaning tashqi siyosiy mavqeiga ham ta’sir qilgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2024-yil iyunda KXDRga tashrif buyurgan. Maqolaga ko‘ra, bir yildan keyin Xitoy rahbari Si Szinpin ham mamlakatga borgan. 2026-yil martda esa Kim Chen In Pxenyanda Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoni qabul qilgan.
Bundan tashqari, 2025-yil sentyabrda Kim Chen In Pekinda Ikkinchi jahon urushi yakunlanganining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda Si Szinpin va Putin bilan birga qatnashgan.
Shimoliy Koreya Rossiyaga qancha qurol yetkazgan?
Ukraina tomoni hisob-kitoblariga ko‘ra, Shimoliy Koreya 2024 va 2025-yillarda Rossiyaga zarur bo‘lgan artilleriya snaryadlarining qariyb yarmini yetkazib bergan.
Bundan tashqari, Pxenyan Rossiyaga o‘ziyurar artilleriya qurilmalari, reaktiv zalp o‘t ochish tizimlari va ballistik raketalar yetkazib bergani aytilmoqda.
Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyan Rossiya hududiga 90 nafar harbiydan iborat raketa qo‘shinlari bo‘linmasini, oltita uchirish qurilmasi va qariyb 120 ta raketa joylashtirishni rejalashtirayotgan bo‘lishi mumkin.
Bu ma’lumotlar Ukraina tomonining da’volari bo‘lib, maqolada ularning mustaqil tasdig‘i keltirilmagan.
Rossiyaga 16–22 ming shimoliy koreyalik harbiy jo‘natilgani aytilmoqda
Maqolada keltirilishicha, 16 mingdan 22 minggacha shimoliy koreyalik harbiy Rossiya tomonida ishtirok etgan. Ular dastlab Kursk viloyatida Ukraina kuchlariga qarshi operatsiyalarda, keyin esa hududni minalardan tozalash ishlarida qatnashgani aytilgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Kim Chen In Rossiyaga yana 30 mingdan 50 minggacha harbiy yuborishni rejalashtirmoqda.
INSS ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyan har bir jo‘natilgan askar uchun oyiga 2800 dollar, ofitser uchun 3000 dollar oladi. Jangda halok bo‘lgan har bir shimoliy koreyalik harbiy uchun esa 6 mingdan 10 ming dollargacha mablag‘ to‘lanishi aytilgan.
Iqtisodiy o‘sishni oddiy aholi sezmayapti
Shu bilan birga, ekspertlar Shimoliy Koreyadagi hozirgi iqtisodiy faollashuv aholining katta qismi turmush darajasini sezilarli yaxshilamaganini ta’kidlamoqda.
Oziq-ovqat narxlarining o‘sishi va milliy valyuta - Shimoliy Koreya vonining qadrsizlanishi xorijiy valyutaga ega bo‘lmagan kam ta’minlangan aholiga ayniqsa kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ayrim oilalarda avvalgi turmush darajasini saqlab qolish uchun endi ayollar ham ishlashga majbur bo‘layotgani qayd etilgan.
«20x10» dasturi kutilgan natijani bermasligi mumkin
2024-yil bahorida Kim Chen In «20x10» mintaqaviy rivojlanish dasturini boshlagan. Uning asosiy maqsadi - 10 yil davomida har yili 20 ta shahar va tumanda zamonaviy yengil sanoat korxonalarini qurish.
Dastur orqali hududlarda aholi turmush darajasini oshirish va Pxenyan bilan viloyatlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutni qisqartirish ko‘zlangan.
Biroq Seuldagi Kukmin universiteti professori, Shimoliy Koreya bo‘yicha mutaxassis Andrey Lankovning fikricha, «20x10» doirasidagi ko‘plab loyihalar muammolarga duch kelmoqda.
Uning ta’kidlashicha, yangi zavodlarda zarur infratuzilma yetishmaydi, ularni elektr energiyasi, butlovchi qismlar va xomashyo bilan ta’minlash tizimi yetarlicha o‘ylab chiqilmagan.
Lankov hozirgi iqtisodiy o‘sishni 2010-yillar o‘rtalaridagi jarayonlardan farqlash kerakligini ta’kidlaydi. Uning bahosiga ko‘ra, bugungi o‘sish ichki iqtisodiy islohotlar natijasi emas, balki Shimoliy Koreya uchun qulay tashqi sharoitlar, birinchi navbatda Rossiya bilan yaqinlashuv hisobiga yuzaga kelgan.











