Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kuni kecha Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga 112 tizimi orqali Bo‘stonliq tumani hududida joylashgan Katta Chimyon tog‘ida fuqarolar yordamga muhtoj ekani haqida xabar kelib tushgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 7 nafar fuqaro sayr qilish maqsadida toqqa chiqqan va yo‘ldan adashib qolgan. Natijada ular mustaqil ravishda tog‘dan tusha olmagan.

Xabar kelib tushgach, qutqaruvchilar aytilgan manzilga yetib borib, hududda qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlagan.

Amalga oshirilgan qidiruvlar natijasida adashib qolgan barcha fuqarolar topilib, xavfsiz hududga olib chiqilgan.

FVV ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.