Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Zangiota tumani bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda fuqarolar N.Sh. va muqaddam sudlangan Q.N. “Nayman“ MFY hududidagi binolardan birida yashirin tsex tashkil qilib, gigiyenik kosmetika va maishiy kimyoviy vositalar ishlab chiqarayotgani aniqlangan.

Tezkor tadbir davomida tsexdan 2 tonna AZELIT suyuqligi va 200 litr CLEAR shampuni olingan.

Shuningdek, Elseve nomi tushirilgan 4 800 dona, AZELIT nomli 2 040 dona va CLEAR nomli 1 400 dona bo‘sh idish aniqlangan. Bundan tashqari, 79 ta o‘ramda olti turdagi tovar belgisi etiketkalari hamda mahsulot ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa vositalar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 276-11-moddasi - xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyat alomatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.