Argentinalik futbol yulduzi Lionel Messining otasi Xorxe Messi 68 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Ko‘plab nashrlar bu haqda Argentinaning infobae gazetasiga tayanib xabar bermoqda. Hozircha ushbu ma’lumot bo‘yicha rasmiy tasdiq bo‘lganicha yo‘q.
Mahalliy matbuotga ko‘ra, Xorxe Messi 8-avgustga o‘tar kechasi soat 22 lar atrofida, Argentinaning Rosario shahridagi shifoxonada vafot etgan.
U oxirgi oylarda og‘ir kasallik bilan kurashib kelayotgan edi.
O‘g‘li Leo iyun oyida Jahon chempionati ilk turini Jazoirga qarshi o‘yinda uchta gol bilan boshlagan, o‘yindan keyin esa ko‘z yoshlarini tiya olmagan edi. Kichik Messi bu ko‘z yoshlari sababi sport emas, boshidan kechirayotgan og‘ir kunlari bilan bog‘liqligini aytgandi.
Uning otasi jiddiy bemor ekani haqidagi xabarlar o‘shanda tarqala boshlagan, chunki Leoning agenti bo‘lib kelgan otasi Argentina o‘yinlari vaqtida tribunalarda ko‘rinish bermagan edi.
Iyun oyida Messining oilasi bayonot berib, katta Messi haqiqatan ham davolanishda ekani, lekin ahvoli yaxshi ekanini ma’lum qilgandi. O‘sha bayonotdan bir kun oldin La Opinion nashri Xorxe Messi yanvar oyida og‘ir xastalikka chalingani, mundial arafasida esa ahvoli og‘irlashgani haqida yozgandi.
Lionel Messining futboldagi yutuqlarida otasining hissasi juda katta. U o‘g‘lini kichik yoshidan futbol mashg‘ulotlariga bergan, 13 yoshlik paytida “Barselona” akademiyasiga o‘qishga yuborgan.
Xorxe Messi uzoq yillar davomida o‘g‘lining agenti sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.











