Visual Capitalist tomonidan tayyorlangan infografikada 1820–2025-yillar oralig‘ida yirik iqtisodiyotlarning jahon yalpi ichki mahsulotidagi (YaIM) ulushi aks ettirilgan. Tadqiqot Maddison Project Database, COLDAT Colonial Dates Dataset hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) prognozlariga asoslangan. Barcha hisob-kitoblar xarid qobiliyati pariteti (PPP) bo‘yicha amalga oshirilgan bo‘lib, bu turli mamlakatlar iqtisodiyotini xolis taqqoslash imkonini beradi.
Buyuk Britaniya sanoat inqilobini amalga oshirgan birinchi davlat sifatida XIX asrda dunyo iqtisodiyotida yetakchiga aylandi. 1845-yilga kelib Britaniya imperiyasi jahon YaIMining 23,8 foizini ta’minlagan. Bu davr tarixda Pax Britannica - ya’ni yirik davlatlar o‘rtasida nisbatan barqarorlik hukm surgan davr sifatida e’tirof etiladi. Imperiyaning eng katta iqtisodiy tayanchi esa 1947-yilgacha mustamlaka bo‘lgan Hindiston hisoblangan.

Fransiya ham XIX asr o‘rtalarida iqtisodiy qudratining eng yuqori cho‘qqisiga chiqib, 1858-yilda jahon iqtisodiyotining 6,6 foizini tashkil etgan. Rossiya va Germaniya esa eng yuqori ko‘rsatkichlarini 1913-yilda, Birinchi jahon urushi arafasida qayd etgan.
Ikkinchi jahon urushi global iqtisodiy muvozanatni tubdan o‘zgartirdi. 1944-yilga kelib AQSh jahon YaIMining 29,7 foizini ishlab chiqargan. Bu tadqiqot qamrab olgan butun davr mobaynida bir mamlakat uchun qayd etilgan eng yuqori ulush hisoblanadi. AQSh yuqori texnologiyalar, sanoat ishlab chiqarishi, moliya tizimi va xalqaro savdodagi yetakchiligi tufayli XX asrning asosiy iqtisodiy markaziga aylandi.
Yevropa davlatlari esa urushlardan keyin iqtisodiy salohiyatini Yevropa Ittifoqi orqali birlashtirdi. 2007-yilda, jahon moliyaviy inqirozi arafasida, YeI jahon iqtisodiyotining 17,9 foizini tashkil etgan. Keyinchalik bu ulush pasayib bordi va Buyuk Britaniyaning Ittifoqdan chiqishi ortidan yana qisqardi.
Xitoy esa ko‘p asrlar davomida dunyo iqtisodiyotining muhim markazlaridan biri bo‘lgan. Biroq XIX–XX asrlardagi siyosiy beqarorlik va sanoat inqilobiga moslasha olmagani uning ulushini keskin kamaytirdi. Vaziyat XX asr oxiridagi bozor islohotlari bilan o‘zgardi. Mamlakat qisqa vaqt ichida dunyoning eng yirik ishlab chiqarish markaziga aylanib, iqtisodiy qudratini qayta tikladi.
2025-yilga kelib Xitoyning jahon YaIMdagi ulushi 21,8 foizni tashkil qildi. Xitoy va Hindistonning umumiy ulushi esa 30,8 foizga yetdi. Mutaxassislar bu holatni aholi sonining kattaligi, ishlab chiqarish xarajatlarining nisbatan pastligi va iqtisodiy o‘sish sur’atlari bilan izohlaydi.
Tahlilchilarga ko‘ra, kelgusida jahon iqtisodiy markazining Osiyo tomon siljishi Xitoyning demografik muammolarni hal etishi, mehnat unumdorligini oshirishi va barqaror iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishiga bog‘liq bo‘ladi.











