Bugungi kunning eng mashhur alpinisti, ko‘pchilikka 14 ta eng baland cho‘qqini eng qisqa muddat ichida zabt etish orqali tanilgan nepallik Nirmal Purja qor ko‘chkisi oqibatida halok bo‘ldi. Bu fojia Pokistondagi 8047 metr balandlikdagi Broud-Pik tog‘ida (bu dunyoning eng baland cho‘qqilari orasida 12-o‘rinda turadi) ro‘y bergan. Bu haqda uning Elite Exped nomli sayyohlik agentligi instagramdagi sahifasida ma’lum qildi.
«Bugun chuqur qayg‘u va yurakdagi chidab bo‘lmas og‘riq bilan tasdiqlaymizki, Nirmal „Nimsday“ Purja Broud-Pikdagi qor ko‘chkisi tufayli fojiali tarzda halok bo‘ldi. Shuningdek, ekspeditsiyaning boshqa a’zolari ham, afsuski, omon qolmagan <.> Dunyo o‘zining jasorati, kamtarligi va inson biz o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq narsaga qodir ekaniga bo‘lgan mustahkam ishonchi bilan millionlab odamlarni ilhomlantirgan buyuk alpinistlardan birini yo‘qotdi», – deyiladi postda.
Purja alpinistlikka qanday kelib qolgan?
43 yoshli alpinist Nepaldagi kichik qishloqlardan birida dunyoga kelgan. 2003 yilda u otasi va boshqa qarindoshlari kabi gurkhlar brigadasiga xizmatga kirgan – bu Britaniya qo‘shinining faqat etnik nepalliklardan tarkib topadigan bo‘linmasidir. 2009 yilda esa u Buyuk Britaniya qirolligi harbiy-dengiz kuchlari flotining maxsus topshiriqli bo‘linmasi safiga qabul qilingan ilk nepallikka aylanadi.
Purja 2012 yilda, Everestga uyushtirilgan ekspeditsiya chog‘ida alpinizmga qiziqib qoladi. Uning guruhi faqat asosiy lagerga yetib borishi kerak edi, lekin u yuqoriroq ko‘tarilishni xohlaydi. Yo‘lboshlovchi unga «muzmoslama»lardan qanday foydalanishni ko‘rsatadi va bir necha kundan so‘ng ular birgalikda balandligi 6119 metr bo‘lgan Lobuche tog‘ining sharqiy cho‘qqisiga ko‘tarilishdi. O‘shandan beri Purja muntazam ravishda tog‘larga chiqib, rekordlar o‘rnatishga kirishadi. 2017 yilda u besh kun ichida Everest, Makalu va Lxotsze (dunyodagi birinchi, to‘rtinchi va beshinchi eng baland sakkiz minglik) cho‘qqilarini zabt etdi.
2018 yilda qirolicha Yelizaveta II Purjani baland tog‘ alpinizmidagi ulkan yutuqlari uchun Britaniya imperiyasi ordeni bilan taqdirlagan. Bir yil o‘tgach, u professional alpinist bo‘lish uchun Britaniya armiyasidagi xizmatini muddatidan oldin tark etadi.
Purja 2019 yilda balandligi sakkiz ming metrdan ortiq bo‘lgan 14 ta tog‘ning barchasiga eng tez chiqishga qaror qilganidan so‘ng mashhurlikka erishadi – bu alpinistlar uchun eng yuqori natija hisoblanadi. Janubiy koreyalik alpinist Kim Chang Ho (u 2018 yilda Himolay tog‘larida qor bo‘ronida halok bo‘lgan) bu natija uchun deyarli sakkiz yil sarflab, shu vaqtgacha eng yaxshi natija egasi bo‘lib turgandi. Purja esa buni yetti oy ichida uddalashga qaror qiladi.
U o‘z maqsadi – inson imkoniyatlarining cheksizligini ko‘rsatish, Nepalga sayyohlarni jalb qilish va iqlim inqiroziga e’tibor qaratish ekanini aytgan. «2014 yilda biz Ama-Dablamdagi asosiy lagerda ovqat tayyorlash uchun qor eritardik. O‘tgan yili esa u yerda qor yo‘q edi», – degandi Purja intervyusida.
Ko‘plab alpinistlar uning rejasini amalga oshirib bo‘lmaydigan reja deb hisoblashadi, homiylar esa uning «muvaffaqiyatga erishishi dargumon bo‘lgan» chiqishini qo‘llab-quvvatlashni xohlamaydi. Purja tayyorgarlik uchun o‘z jamg‘armalaridan 55 ming funt sterling sarflaydi, kraudfanding kampaniyasini boshlaydi va tog‘lar tomon yo‘l oladi.
Bir oy o‘tib esa butun dunyo u haqda bilib oladi – bu mutlaqo tasodifan ro‘y bergandi. 23 may kuni Purja ijtimoiy tarmoqqa Everest cho‘qqisi ostonasida saf tortib turgan alpinistlarning ulkan navbati suratini joylashtiradi.

Project Possible / AFP / Scanpix / LETA
Bu surat o‘n minglab layk to‘playdi va dunyoning yirik nashrlari muqovasida paydo bo‘ladi. Purja bu surat orqali Everestdagi tirbandlik muammosiga e’tibor qaratgandi – bir vaqtda yuzlab alpinistlar cho‘qqida paydo bo‘lishi harakatni qiyinlashtirar va alpinistlarni holdan toydirardi (havo ochiqligida barcha alpinistlar cho‘qqiga intilishi tirbandliklar keltirib chiqargan). Xususan, o‘sha mavsumda tog‘da cho‘qqini zabt etib qaytishda, navbatlarda turib, charchab qolgani tufayli 11 kishi halok bo‘lgan. Shundan so‘ng Nepal hukumati toqqa chiqish uchun litsenziya olish talablarini kuchaytirgan.
Surat tufayli mashhur bo‘lib ketganidan keyin Purja uchun homiylar topiladi va u 2019 yilda rekord o‘rnatadi – dunyodagi eng baland 14 ta tog‘ni zabt etish uchun 189 kun sarflaydi. Tez orada u o‘z rekordi haqida «Imkon chegarasidan tashqarida» nomli kitobini chiqardi, Netflix esa u haqda «14 cho‘qqi: imkonsiz narsa yo‘q» nomli hujjatli filmini suratga oladi. 2024 yilda Purja yana bir rekordni yangilaydi – u qo‘shimcha kislorodsiz dunyoning eng baland 14 ta cho‘qqisini eng qisqa vaqt ichida zabt etgan ilk alpinist bo‘ladi.

Anjum Naveed / AP / Scanpix / LETA
Alpinist o‘z muvaffaqiyatining sabablarini oddiygina tasvirlagan: «Bu mashg‘ulotlar, fiziologiya va psixologiyaning kombinatsiyasi edi. Men ilm-fanni unchalik yaxshi tushunmayman, lekin tanam nimaga qodirligini bilaman va unga quloq solaman. To‘g‘ri, so‘nggi kuchim bilan tog‘dan tushayotganimda tanamga quloq sola olmayman. O‘shanda o‘zimga shunday deyman: „Agar qaytib tushmasam, hikoyamni qanday aytib bera olaman?“»
Ko‘tarilish uchun eng xavfli cho‘qqilardan biri hisoblangan va muntazam ravishda alpinistlar o‘limi kuzatiladigan Broud-Pik tog‘iga chiqish Purjaning 2026 yilgi rejalariga kiritilmagandi. Biroq iyul oyi oxirida u cho‘qqiga chiqishga qaror qiladi va o‘n nafar professional alpinistdan iborat guruhga boshchilik qiladi.
«Pokistonga yo‘l olishdan biroz oldin o‘zim zabt etgan 8000 metrdan baland cho‘qqilarni sanab chiqdim. Shunda bir fikr xayolimga keldi: agar men hozir Broud-Pikni zabt etsam, faqat bitta [tog‘] – Cho-Oyyu qoladi. Shunda men barcha 14 ta sakkiz minglikni ikki marta zabt etgan tarixdagi BIRINChI odam bo‘laman. Kislorodsiz», – deb yozgandi alpinist X ijtimoiy tarmog‘ida. U, shuningdek, hech qachon boshqa odamlar bilan musobaqalashmagani, faqat «kechagi o‘zi bilan» musobaqalashganini ta’kidlagan.
30 iyul kuni esa tog‘da ko‘chki ro‘y beradi. Boshqa ko‘plab alpinistlar kabi Purja ham o‘zi bilan Garmin GPS-trekerini olib yurgan, ushbu qurilma ko‘tarilish boshlanganidan keyingi to‘rt soat mobaynida asosiy lagerda qolgan boshqa alpinistlarga joylashuvni translyatsiya qilib turadi.
Ko‘chki boshlanganida Purja 6660 metr balandlikda bo‘lgan. 30 daqiqa o‘tib moslama u 600 metr pastroqda ekanini ko‘rsatgan – katta ehtimol bilan, oqim uni ham o‘zi bilan olib ketgan. Uning guruhidagi boshqa bir alpinist, o‘monlik Nadhira Al Hartining GPS-trekeri esa ancha pastdagi nuqtani, 1600 metr balandlikni ko‘rsatgan.
Elite Exped turagentligi hammuassisi Mingma Gyabu Sherpa Purja omon qolganidan umid qilib turdi, chunki uning GPS-trekeri muntazam ravishda joylashuvni o‘zgartirib turgandi. «Umid qilamizki, akam hali ham tirik, biz uni qutqarishimiz kerak…», – deya yozgan Gyabu. Qutqaruv ishlari darhol boshlandi, ammo noqulay ob-havo tufayli to‘xtatildi.
1 avgust kuni Nepal bosh vaziri Balendra Shoh Nirmal Purja va uning otryadi a’zolarining barchasi halok bo‘lganini tasdiqladi. Hukumat rahbari «ularning [Purja va toqqa chiqish paytida halok bo‘lgan boshqa alpinistlarning] jasorati, fidoyiligi va merosi abadiy ilhom manbayi bo‘lib qolishi» haqida yozgan.











