Markaziy bank boshqaruvi mikromoliya tashkilotlari, lombardlar, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari, kafolatlar berish tashkilotlari hamda faktoring tashkilotlarining axborot tizimlarida axborot xavfsizligiga doir minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritdi. Mazkur qaror Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kirdi.

Yangi tahrirga muvofiq, nobank kredit tashkilotlari mijozlarni identifikatsiya qilish va autentifikatsiya qilish jarayonida foydalaniladigan jismoniy shaxslarning biometrik ma’lumotlarini faqat O‘zbekiston hududida saqlashi shart. Shu bilan birga, biometrik bo‘lmagan shaxsga doir boshqa ma’lumotlar qonunchilikda belgilangan tartibda mamlakat tashqarisida saqlanishi va qayta ishlanishi mumkin.

Shuningdek, hujjat bilan axborot xavfsizligiga oid atamalar yangilanib, nizomning amal qilish doirasi kafolatlar berish va faktoring tashkilotlariga ham kengaytirildi. Xodimlarning konfidensial va shaxsga doir ma’lumotlarni sir saqlash bo‘yicha majburiyatlari hamda boshqa axborot xavfsizligi talablariga aniqlik kiritildi.