Ma’lum qilinishicha, muammo «Sber», VTB, «Alfa-Bank», «Rosselxozbank», «Promsvyazbank», «Uralsib» va «Sankt-Peterburg» banki kabi qator yirik moliya muassasalari saytlariga ta’sir ko‘rsatgan.
Google Chrome, Safari, Mozilla Firefox va Microsoft Edge brauzerlari ushbu saytlarga kirishga uringanda «Ulanish himoyalanmagan» yoki «Sayt xavfsiz emas» degan ogohlantirishni chiqarmoqda. Foydalanuvchi saytga kirishi uchun qo‘shimcha amallarni bajarib, xavfni o‘z zimmasiga olgan holda davom etishini tasdiqlashi talab etiladi.
Ayrim banklar, xususan T-Bank sayti esa ayrim brauzerlarda muammosiz ishlashda davom etmoqda. Shu bilan birga, «Sber» sayti ba’zi brauzerlarda ochilsa-da, manzil satrida uning xavfsiz emasligi haqida belgilar saqlanib qolmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bu holat xorijiy sertifikatlash markazlari Rossiya kompaniyalarining TLS/SSL sertifikatlarini bekor qilayotgani bilan bog‘liq. Ushbu sertifikatlar saytning haqiqiyligini tasdiqlaydi va brauzer bilan server o‘rtasidagi ma’lumotlar shifrlangan holda almashinishini ta’minlaydi.
Xorijiy sertifikatlar chaqirib olina boshlaganidan keyin ko‘plab Rossiya saytlari mahalliy xavfsizlik sertifikatlariga o‘tgan. Biroq bu sertifikatlar xalqaro brauzerlar tomonidan tan olinmaydi.
Shu sababli mazkur banklar saytlari Rossiyada ishlab chiqilgan «Yandeks Brauzer» orqali odatdagidek ochilmoqda. Chunki ushbu brauzerda Rossiya sertifikatlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmi o‘rnatilgan.
Iyun oyida Yaponiyaning GlobalSign sertifikatlash markazi Rossiya kompaniyalariga tegishli domenlar sertifikatlarini chaqirib olishni boshlagani ma’lum bo‘lgan edi. O‘shanda bu choralar g‘arb sanksiyalariga tushgan tashkilotlarga ta’sir qilishi mumkinligi aytilgan. Iyul oyi oxirida Yevropa Ittifoqining 21-sanksiyalar paketi qabul qilingach, qator Rossiya banklari ham yangi cheklovlar ostiga tushdi.
IT sohasi vakillari sertifikatlar bilan bog‘liq muammo 15–20 minggacha Rossiya domenlariga ta’sir qilishi mumkinligini bildirmoqda. Bu nafaqat veb-saytlar, balki muayyan sertifikatlarga bog‘langan mobil ilovalar ishida ham uzilishlarga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Shu bilan birga, sertifikatlar bilan bog‘liq vaziyat fonida «Yandeks Brauzer» targ‘ib qilinmoqda. Biroq IT mutaxassislari ushbu brauzerning texnik xavfsizligiga katta e’tiroz bildirmasalar-da, foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari maxfiyligi masalasi tez-tez muhokama qilinayotganini qayd etmoqda.
«Yandeks»ning maxfiylik siyosatiga ko‘ra, kompaniya akkaunt ma’lumotlari, tashrif buyurilgan saytlar, geolokatsiya, foydalanuvchining qiziqishlari, elektron pochta orqali muloqot qilgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar va boshqa qator axborotlarni yig‘ishi mumkin. Shuningdek, kompaniya amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq ushbu ma’lumotlarni uchinchi tomonlarga taqdim etishi mumkinligini ham qayd etadi.











