O‘zbekistonda shanba-yakshanba ish kunlaridan ham ko‘proq stressga boy. Chunki deyarli hamma bozorda, yo‘lda, to‘yda yoki qarindoshinikida. Yoshlar esa odatda shanba-yakshanbani tinimsiz uyqu bilan yakunlaydi. Kam sonli odamlar vaqtini o‘ziga bag‘ishlab, hayotidan bahra oladi.
Shunday turga kiruvchi vashingtonliklarning dam olish kunlarida yoqtirib boradigan lokatsiyalaridan biri – The Wharf, ya’ni shaharning oxirgi tugash nuqtasidagi bandargoh. Vashington kanali, Anakostia daryosi tutashgan joy uzoq yillar davomida ko‘rimsizroq baliq bozori edi. Ammo 2017 yilda bu joylar obod qilindi, hozir chinakam dam oladigan so‘lim go‘shaga aylandi. Buning uchun vashingtonliklar bugun o‘z hokimiga rahmat aytadi.
Kafe va restoranlar, konsert maydonlari, piyoda va yugurish yo‘laklari, sayt zonalari va qirg‘oqbo‘yi – vashingtonliklar uchun vaqtni chog‘ o‘tkazishga tayyor imkon. Oilasi va bolalari bilan sayr qilish, yugurish va velosiped minish, suv bo‘yida gazeta yoki kitob o‘qish, uy hayvonlarini aylantirish, do‘stlar bilan birga piknik qilish, qayiq va yaxtalarga minib, narigi sohilga jo‘nash, jonli musiqa – obod qilingan bandargoh bularning hammasini taqdim qiladi. Ularning deyarli hammasi tekin. Kamiga hududda tekin internet bilan ta’minlanasiz.
Amerikaliklar dushanbadan jumagacha tinimsiz ishlaydi, ishga vaqtli boradi. Shu sababli ham shanba va yakshanba kunlari parklar, xuddi shunday suvli joylar, sport maydonlari va muzeylar, tabiat qo‘yniga shoshadi. The Wharf hududidagi eski baliq bozori 1805 yildan beri bor, asrlar davomida bu nuqta baliq markazi edi. Hozir esa portning bir qismidagina baliq bozori saqlanib qolgan, qolgan hudud dam olish zonasiga aylantirildi.
Vashington siyosiy va ma’muriy markaz, odamlarning aksariyati ham davlat xodimlari. Ammo The Wharfʼga kelganlar siyosatni unutadi, shoshilmaydi, suv bo‘yida sayr qiladi, yuguradi va vaqtini chog‘ o‘tkazadi.
Bandargohning hozirgi qiyofasi qurilishi 2014 yilda boshlangandi, bu Vashingtondagi eng katta shaharsozlik loyihalaridan biri bo‘ldi. 1950 yildayoq hududni rivojlantirishga kirishib, yuzlab bizneslarni bu tomonga ko‘chirishgan, ammo natija o‘ylanganidek bo‘lmadi. Shuning uchun ham shahar hokimligi hududni butunlay boshqa qiyofaga keltirishga qaror qildi. The Wharf’ning qiymadi 3,6 mlrd dollar, bu Vashington tarixidagi eng qimmat loyihalardan biri bo‘ldi. 3 million kvadrat futdan ortiq joyda ofis, mehmonxona, turar joy binolari, savdo va ko‘ngilochar markazlar qad rostladi. Natijada vashingtonliklar asosan hafta oxirida oqib keladigan markaz yaraldi.
Ko‘pchilik quyosh botishini va Reygan aeroportidan ko‘tarilayotgan samolyotlarni tomosha qilish uchun ham keladi.











