Andijon shahrida o‘zaro janjallashib, fuqarolarning tinchligini buzgan 7 nafar ayolga besh sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Ma’lum qilinishicha, 30 iyul kuni shahardagi ko‘p qavatli uylardan birining hududida bir guruh ayollar janjallashayotgani haqida 102 raqami orqali ichki ishlar organlariga xabar kelib tushgan. Xabarga asosan voqea joyiga yetib borgan ichki ishlar xodimlari tomonidan ayollar o‘zaro baqir-chaqir qilib janjallashayotgani hamda atrofdagi fuqarolarning osoyishtaligini buzayotgani aniqlangan.

Ular ichki ishlar binosiga olib kelingach, bu yerda ham xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, o‘zaro haqoratli va uyatli so‘zlar bilan janjalni davom ettirgan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, janjalning kelib chiqishiga Instagram tarmog‘i orqali boshlangan o‘zaro haqoratlar sabab bo‘lgan.

Holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudiga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudining qaroriga ko‘ra, huquqbuzarlik sodir etgan yetti nafar ayolning har biriga nisbatan besh sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.