Kun.uz manbasiga ko‘ra, jamoatchilikdan sir tutilayotgan baxsiz hodisa 29 iyul kuni sodir bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanining “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari tumanning Qo‘qonboy hududini tozalashga jalb qilingan.

Atrofdagi maysalar o‘rilayotgan paytda o‘t o‘radigan mashinaning o‘tkir tig‘li moslamasi chiqib ketib, markazning 34 yoshli xodimi Tohirjon Jo‘rayevning yuragiga sanchilib qolgan. Oqibatda xodim vafot etgan.

Aytishlaricha, voqea joyiga Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansur Olloyorov yetib borgan va marhumning yaqinlari bilan ko‘rishgan.

Ushbu voqeani Kun.uzʼning bir biridan mustaqil bo‘lgan ikki manbasi tasdiqladi.

“Tumanning qaysidir mahallasini tozalash bizning vazifamizga kirmaydi, byudjyet tashkiloti xodimlarini hashar yoki majburiy obodonlashtirish ishlariga jalb etish amaliyoti to‘liq bekor qilinishi kerak. Majburiy mehnat yana bir inson umriga zomin bo‘ldi”, deydi marhumning hamkasblaridan biri.