Ispaniyaning Marokash bilan chegaradosh bo‘lgan Seuta avtonom shahri rahbari Xuan Xesus Vivas so‘nggi kunlarda migrantlar oqimi keskin kuchayganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qabul markazlari to‘lib ketgan, dengiz orqali o‘tishga uringanlar orasida qurbonlar ham ko‘paymoqda.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Seutaga yetib kelishga uringan kamida to‘qqiz nafar migrant dengizda halok bo‘lgan.

AFP agentligi qayd etishicha, bu 2021 yildan buyon kuzatilgan eng yirik migrantlar oqimi hisoblanadi. O‘shanda 10 mingdan ortiq kishi Seuta chegarasini kesib o‘tishga uringan edi.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches hukumat vaziyatga zudlik bilan javob qaytarish uchun barcha zarur resurslarni safarbar etganini bildirdi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi esa shaharda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida harbiy xizmatchilar yuborilganini ma’lum qildi.

Ichki ishlar vaziri Fernando Grande-Marlaska 31 iyul kuni Seutaga tashrif buyurishi kutilmoqda. U Marokash hukumati bilan hamkorlikni yuqori baholab, ikki davlat noqonuniy ravishda Seutaga kirgan shaxslarni imkoni boricha tezroq Marokashga qaytarish bo‘yicha hamkorlik qilayotganini ta’kidladi.

Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy hokimiyat migrantlar oqimining kuchayishini Ispaniya Oliy sudining iyul oyi boshida qabul qilgan qarori bilan bog‘lamoqda. Unga ko‘ra, dengiz orqali mamlakatga kelgan migrantlarni tegishli huquqiy tartib-taomillarsiz darhol orqaga qaytarish mumkin emas. Bu tartib quruqlik orqali chegarani noqonuniy kesib o‘tganlarga nisbatan amal qilmaydi.

Seuta va Melilya Ispaniyaning Afrikada joylashgan ikki eksklavi bo‘lib, ular orqali ko‘plab afrikalik migrantlar G‘arbiy Yevropa davlatlariga yetib borishga harakat qiladi. Marokash esa ularning aksariyati uchun Yevropaga yo‘ldagi asosiy tranzit mamlakat hisoblanadi.