O‘zbekistonda bank depozitlari bo‘yicha foiz daromadlari soliqqa tortilishi mumkin. Bu haqda 30 iyul kuni «Fiskal muloqot» tadbirida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti bosh mutaxassisi Fazliddin Shamsiyev ma’lum qildi, deya xabar berdi Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, omonatlardan olinadigan foizlar 1998 yildan buyon soliqdan ozod qilingan. Natijada depozit foizlari passiv daromadning soliq solinmaydigan asosiy turlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Dividend daromadlariga 5 foiz, ijara, royalti va kapital qiymatining o‘sishidan olinadigan daromadlarga esa, odatda, 12 foiz stavka qo‘llanadi. Fiskal tadqiqotlar instituti mutaxassislari bank omonatlari bo‘yicha mavjud imtiyozni bekor qilish va ushbu daromadlarga dividendlar bilan bir xil stavkada soliq solishni taklif qilyapti. Buning uchun Soliq kodeksining 381-moddasiga o‘zgartirish kiritish talab etiladi.

Tashabbuskorlar o‘z taqdimotida xalqaro tajribani ham misol tariqasida keltirishdi. Ta’kidlashicha, bunday daromadlardan Qozog‘iston, Ozarbayjon va Hindistonda 10 foiz, Tailandda 15 foiz, Indoneziyada 20 foiz, Germaniyada 26,4 foiz, Turkiyada esa 15 – 40 foiz stavkada soliq undiriladi.

Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, 5 foizlik soliqning joriy etilishi davlat byudjyetiga qariyb 1,4 trln so‘m qo‘shimcha daromad keltirishi mumkin. Bunda 2026 yil 1 may holatiga jismoniy shaxslarning 170,2 trln so‘m miqdoridagi depozitlari borligi, o‘rtacha foiz stavkasi 16 foiz ekanligi va taklif etilayotgan soliq stavkasi 5 foizligi hisobga olingan. Masalan, 20 foiz stavkada 200 mln so‘m bankka qo‘yilsa, 1 yilda 40 mln so‘m daromad keltiradi. Ayni paytda ushbu 40 mlndan 5 foiz ya’ni 2 mln so‘mni soliqqa ushlab qolish taklif etilyapti.