AQSh Kongressi Senatining barcha 100 nafar a’zosi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvga taklif qilingan. Bu haqda Reuters agentligi 27 iyul kuni ikki nafar senator yordamchisiga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotni The Hill va Punchbowl News nashrlari ham tasdiqlagan. The Hill manbalariga ko‘ra, Zelenskiyning senatorlar bilan uchrashuvi seshanba, 28 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da AQSh Kapitoliysida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Zelenskiy Vashingtonga respublikachi senator Lindsi Gremning dafn marosimi munosabati bilan boradi. Grem Ukraina masalasida faol pozitsiyada bo‘lgan va Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etgan.
Senator 10 iyul kuni Kiyevda Zelenskiy bilan uchrashgan edi. Bu Gremning so‘nggi uchrashuvlaridan biri bo‘lgan.
Senat Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni ovozga qo‘yishi mumkin
Zelenskiyning tashrifi vaqtida AQSh Senati Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berish jarayonini boshlashi kutilmoqda.
Ushbu hujjat Lindsi Grem ishtirokida ishlab chiqilgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp ham qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlayotgani aytilmoqda. Shu bilan birga, u hujjatga Eron va Livandagi «Hizbulloh» harakatiga qarshi cheklovlarni kengaytirishga oid normalarni ham kiritishni so‘ragan.
Tramp Zelenskiy va Netanyahu bilan alohida uchrashadi
CNN telekanali Oq uy vakiliga tayanib xabar berishicha, Donald Tramp 28 iyul kuni Volodimir Zelenskiy va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni Oq uyda qabul qiladi.
Ular bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Zelenskiy bilan muzokaralarda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatishga qaratilgan joriy tinchlik jarayoni muhokama qilinishi kutilmoqda.
Oq uy vakilining aytishicha, hozir «urushni tugatish vaqti kelgan».
Netanyahu bilan uchrashuvda esa Livan bilan olib borilayotgan muzokaralar hamda Isroil va musulmon davlatlari o‘rtasidagi «Ibrohim kelishuvlari»ni kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlar muhokama qilinishi aytilgan.
Havoda o‘t ochishni to‘xtatish masalasi ham muhokama qilingan
24 iyul kuni Tramp tarafdori bo‘lgan o‘ng radikal faol va bloger Lora Lumer Zelenskiy bilan intervyu o‘tkazgan. Keyinchalik u Ukraina prezidenti AQShga borish va Tramp bilan uchrashish rejasi haqida aytganini ma’lum qilgan.
Reuters manbasiga ko‘ra, Ukraina va AQSh rasmiylari Rossiyaga havodagi hujumlarni o‘zaro to‘xtatish bo‘yicha taklif berish imkoniyatini ham muhokama qilgan.
Bu tashabbus Ukrainadagi urushni tugatishning ehtimoliy shartlari bo‘yicha navbatdagi takliflar paketi tarkibiga kiritilishi mumkin.











