Tashrif O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi tomonidan fuqarolarning Qo‘shma Shtatlarda qonuniy ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish va H-2A mavsumiy qishloq xo‘jaligi vizalari dasturida ishtirok etishini osonlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar doirasida tashkil etilmoqda.
Tashrif davomida O‘zbekiston fuqarolarini AQSh qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarga jalb qilish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, O‘zbekiston tomoni va Head Honchos kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash rejalashtirilgan.
Memorandumda amerikalik ish beruvchilar talablariga mos kadrlarni tayyorlash, nomzodlarni kasbga o‘qitish hamda ularning H-2A vizasi asosida AQShda qonuniy ish topish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Amerika delegatsiyasi tashrif davomida Toshkent shahri, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida ham bo‘ladi. Kompaniya vakillari ushbu hududlardagi qishloq xo‘jaligi korxonalari, fermer xo‘jaliklari va soha vakillari faoliyati bilan tanishishi rejalashtirilgan.
Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, H-2A dasturi doirasidagi hamkorlik O‘zbekiston fuqarolarini AQShda ishga joylashtirish tartiblarini takomillashtirish, shuningdek, ular uchun xavfsiz va qonuniy mavsumiy mehnat imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.










