Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z hukumatiga O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan amaldagi harbiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlarga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha muzokaralarni boshlash bo‘yicha topshiriq berdi. Tegishli hujjatlar 27 iyul kuni imzolangan va huquqiy axborotlar rasmiy portalida e’lon qilingan.

Ular Qozog‘iston bilan 2013 yil 24 dekabrdagi kelishuv hamda O‘zbekiston bilan 2016 yil 29 noyabrda imzolangan, ikki davlat o‘rtasida harbiy mahsulotlar yetkazib berish sohasidagi hamkorlikni tartibga soluvchi bitimga taalluqli.

Amaldagi bitimlar nafaqat ushbu mamlakatlarga Rossiya qurollarini sotishni, balki harbiy maqsadlarga mo‘ljallangan mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ham tartibga soladi. Bular qurol-yarog‘ va harbiy texnikalardan tashqari texnologiyalar, harbiy-texnik ma’lumotlar, intellektual faoliyat natijalari, shuningdek konstruktorlik, texnologik va ekspluatatsion hujjatlar almashinuvini o‘z ichiga oladi.

Bitimlar doirasida qurol-yarog‘larni ta’mirlash va modernizatsiya qilish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish, qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va soha mutaxassislarini tayyorlash ham nazarda tutilgan.

Har ikki bitim bo‘yicha yetkazib berishlar vakolatli tashkilotlar o‘rtasidagi shartnomalar asosida amalga oshiriladi. Harbiy mahsulotlarni olib kirish va olib chiqish tomonlarning davlat organlari tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha amalga oshiriladi. Shu tariqa, shartnomalar qurol-yarog‘, butlovchi qismlar va ular bilan bog‘liq xizmatlarni nafaqat Rossiyadan Qozog‘iston va O‘zbekistonga, balki teskari yo‘nalishda ham yetkazib berish imkonini beradi.

E’lon qilingan farmoyishlarda bitimga aynan qanday o‘zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilayotgani ochiqlanmagan. Muzokaralar yakunlangach, tomonlar tegishli o‘zgartirishlarni nazarda tutuvchi protokolni tayyorlashi kerak bo‘ladi.

Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan keyin kiritilgan cheklovlar fonida ushbu kelishuvlarga o‘zgartirish kiritmoqchi. Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qurol-yarog‘, harbiy mahsulotlar va ikki maqsadli mahsulotlar, jumladan, elektron va optik komponentlar, dvigatellar va dronlar yasashda ishlatilishi mumkin bo‘lgan detallarning keng ko‘lamli eksportini taqiqlagan. AQSh ham Rossiya harbiy sanoatini qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lgan texnologiyalar, dasturiy ta’minot va uskunalarni yetkazib berish va qayta eksport qilishga qat’iy cheklovlar qo‘ygan.

AQSh, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Yaponiya Rossiya qurol ishlab chiqarish uchun sotib olishga urinayotgan 50 toifadagi tovarlarning alohida ro‘yxatini tuzgan. Unga mikrosxemalar, radionavigatsiya apparatlari, kondensatorlar, optik asboblar, podshipniklar, uchish apparatlari detallari va raqamli dastur bilan boshqariladigan stanoklar kiradi. G‘arb davlatlari bunday tovarlar Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmagan davlatlar orqali kirib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

27 iyul kuni The Insider nashrida Qozog‘istondan Rossiyaga harbiy radioelektronikada ishlatiladigan berilliy oksidi keramikasini yetkazib berish bo‘yicha surishtiruv e’lon qilingandi. Jurnalistlar aniqlashicha, Ukrainaga bosqindan oldin bunday yetkazib berishlar yiliga taxminan 1 million dollarga, 2025 yilda esa taxminan 8 million dollarga baholangan. Qozog‘istonning Kaz Ceramics kompaniyasi mahsulotlarini radarlar, havo hujumidan mudofaa tizimlari, o‘zi yo‘naltiruvchi kallaklar va raketalar uchun komponentlar ishlab chiqarish bilan bog‘liq Rossiya korxonalari, jumladan, S-300, S-400, «Pansir», «Buk» komplekslari va «Iskander» raketalari yetkazib beruvchilar sotib olgan.