«Dunyo» axborot agentligi xabar qilishicha, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Qozog‘istonning yangi elchisi Yerali Tug‘janovni qabul qildi.
TIV rahbari o‘zining Telegram-kanalida Qozog‘iston bilan erishilgan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yuksak qadrlanishini ta’kidlab, ikki davlat rahbarlarining ishonchli muloqoti tufayli hamkorlik barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanayotganini qayd etdi.
Uchrashuvda o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, hududlararo aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, transport va logistika sohalaridagi qo‘shma loyihalarni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Baxtiyor Saidov Qozog‘istonning yangi elchisiga O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.
Ma’lumot uchun, Yerali Tug‘janov ushbu lavozimda 2022 yildan buyon O‘zbekistonda elchi bo‘lib ishlagan Beybut Atamqulov o‘rnini egalladi. U Toshkentga tayinlanishidan oldin Qozog‘iston bosh vazirining maslahatchisi bo‘lib ishlagan, shuningdek, prezident administratsiyasi, Mang‘istau va Aqto‘be viloyatlari hokimi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbari hamda bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.











