26 iyul, yakshanba kuni kechqurun Kiyev markazidagi Ivan Franko maydonida navbatdagi namoyish bo‘lib o‘tdi. DW muxbiri ma’lumotiga ko‘ra, bu gal maydonning qariyb yarmigina namoyishchilar bilan to‘lgan.

Aksiya ishtirokchilari Mixail Fedorovni mudofaa vaziri lavozimiga qaytarish bilan birga, Ukraina veteranlar ishlari bo‘yicha yangi vazir Vitaliy Kimni almashtirish va parlament ishini qayta tiklashni talab qilgan.

Ukraina parlamentining yalpi majlislari yozgi tanaffus munosabati bilan 18 avgustga qadar qoldirilgan. Namoyishchilar esa mamlakatda urush davom etayotgan bir paytda deputatlar uzoq tanaffusga chiqmasligi kerakligini bildirmoqda.

Aksiyada bir guruh ishtirokchilar megafon orqali shiorlar aytgan, qolgan namoyishchilar ularni takrorlagan. Xususan, «Urushda ta’til bo‘lmaydi», «Fedorov - Drapatiy, bizni yengib bo‘lmaydi», «Veteranlar vazirligiga veteran kerak» va «Deputatlar ishga qaytsin» kabi chaqiriqlar yangragan.

Ayrim ishtirokchilar «Azov» yozuvi tushirilgan plakatlarni ham ko‘tarib chiqqan. Bu Yelenovkadagi axloq tuzatish koloniyasida ukrainalik harbiy asirlar halok bo‘lganining to‘rt yilligi munosabati bilan amalga oshirilgan.

Zelenskiyga Fedorovni lavozimiga qaytarish talabi

Namoyish ishtirokchilari o‘z talablarini nafaqat plakatlarga, balki asfaltga ham yozgan. Miting o‘tkazilayotgan hududga kirish joylarida karton varaqlar qo‘yilib, istagan kishi ularga o‘z shiori yoki talabini yozishi mumkin bo‘lgan.

Ayrim plakatlarda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaatlar aks etgan.

Shunday plakatlardan birida «Qaroqchi bo‘lma, Fedorovni qaytar» degan yozuv bo‘lgan. Uni yozgan yigit DWʼga bu ibora Zelenskiyning 2019 yildagi bayonotiga ishora ekanini aytgan.

O‘shanda Zelenskiy yig‘ilishlardan birida Borispol shahar kengashi kotibi Yaroslav Godunokni zaldan chiqarib yuborgan va uni «qaroqchi» deb atagan edi. «Ukrainskaya pravda» ma’lumotiga ko‘ra, Kiyevning Svyatoshin tuman sudi 2002 yilda o‘sha paytda «Berkut» maxsus bo‘linmasi xodimi bo‘lgan Godunokni talonchilik bilan bog‘liq xonadon o‘g‘irliklarida ishtirok etgani uchun sud qilgan.

Plakat muallifi Fedorov mudofaa vaziri sifatida bor-yo‘g‘i yarim yil ishlagani, uning faoliyatini esa samarali deb hisoblashini aytgan. Shu sababli u Zelenskiydan Fedorovni avvalgi lavozimiga qaytarishni talab qilmoqda.

Veteranlar ishlari vazirini almashtirish talab qilinmoqda

Aksiyada veteranlar ishlari bo‘yicha vazir Vitaliy Kimga nisbatan ham e’tirozlar bildirilgan.

«Bu vazirlikka veteran kerak» degan plakat ko‘targan namoyishchi qiz Kim avval veteranlarni qo‘llab-quvvatlash sohasida o‘zini namoyon qilmaganini aytgan.

Uning fikricha, Veteranlar ishlari vazirligini harbiy xizmatdan qaytganlarning muammolarini biladigan va ularni samarali hal eta oladigan shaxs boshqarishi kerak.

Namoyishchilar aksiyalar susayganini rad etmoqda

DW suhbatlashgan namoyishchilar ishtirokchilar soni kun sayin kamayib borayotganiga qaramay, aksiyalar «susayib bormoqda» degan fikrga qo‘shilmagan.

Ularning aytishicha, uzoq davom etayotgan namoyishlar tufayli ayrim ishtirokchilar maydonga har kuni kelmayapti. Shunga qaramay, ular o‘z talablari bajarilmaguncha aksiyalarni davom ettirishga tayyor ekanini bildirgan.

«Yopiq eshiklar ortidagi tayinlovlar bas qilinsin!» degan plakat ko‘targan ayol ham hukumatning so‘nggi qarorlaridan norozi ekanini aytgan.

Uning fikricha, Mixail Drapatiyning Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni etib tayinlanishi ayrim fuqarolarning noroziligini yumshatgan. Biroq Fedorovni mudofaa vaziri lavozimiga qaytarish talabi hamon saqlanib qolmoqda.

Namoyishchi, shuningdek, mamlakatda muhim qarorlarni qabul qilish tizimi shaffof bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.

Fedorov 16 iyul kuni lavozimidan olingan

Mixail Fedorov 16 iyul kuni Ukraina mudofaa vaziri lavozimidan ozod etilgan. Bu qaror jamiyatning bir qismi, jumladan ayrim harbiy xizmatchilar orasida tanqidlarga sabab bo‘lgan.

22 iyul kuni esa Volodimir Zelenskiy qarori bilan Aleksandr Sirskiy Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimidan olingan. Uning o‘rniga Quruqlikdagi qo‘shinlarning sobiq qo‘mondoni Mixail Drapatiy tayinlangan.

Zelenskiy Fedorovga bir nechta muqobil lavozimlarni, jumladan harbiy innovatsiyalar bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari lavozimini taklif qilganini ma’lum qilgan.

Fedorov esa faqat mudofaa vaziri lavozimiga qaytishga tayyor ekanini bildirgan.