Buyuk Britaniya Ukrainaga o‘zining yangi Stone Cloak radioelektron kurash (REK) tizimiga tegishli intellektual mulk huquqlarini topshiradi. Britaniya OAVning 26 iyul kuni mamlakat bosh vaziri Endi Byornem bayonotiga tayanib xabar berishicha, bu qaror Ukrainaga ushbu tizimlarni katta hajmda mustaqil ishlab chiqarish imkonini beradi.
Byornem Stone Cloakʼni Buyuk Britaniyaning eng ilg‘or milliy ishlanmalaridan biri deb atagan va tizim front sharoitida sinovdan o‘tganini ta’kidlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur texnologiya Buyuk Britaniya va Ukraina xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Britaniya bosh vaziri London Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ham bildirgan. U Rossiya Buyuk Britaniyaning bu boradagi qat’iyatiga shubha qilmasligi kerakligini aytib, Ukraina uchun «barqaror va adolatli tinchlik»ka erishilmaguncha London o‘z pozitsiyasidan qaytmasligini ta’kidlagan.
Stone Cloak nima?
Stone Cloak - o‘lchami taxminan noutbukdek bo‘lgan radioelektron kurash qurilmasi. Buyuk Britaniya avval ham Ukrainaga bunday tizimlarni minglab dona yetkazib bergan.
Xabarda qayd etilishicha, Stone Cloak tizimlari Ukraina dronlarining Rossiya havo hujumidan mudofaa vositalari tomonidan aniqlanishini qiyinlashtirish maqsadida qo‘llanadi.
London kelgusida mazkur texnologiyadan Buyuk Britaniyaning yangi uzoq masofali qurollarida ham foydalanishni rejalashtirmoqda. Jumladan, Stone Cloak arzon qanotli raketalar yaratishga qaratilgan Brakestop loyihasi doirasida ishlab chiqilayotgan qurollarga integratsiya qilinishi ko‘zda tutilgan.
Zelenskiy Byornemning ilk xorijiy mehmoni bo‘ladi
27 iyul, dushanba kuni Endi Byornem Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni qabul qilishi rejalashtirilgan. Xabarga ko‘ra, Zelenskiy Byornem Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimiga kirishganidan keyin u qabul qiladigan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘ladi.
Byornemning ta’kidlashicha, Zelenskiyning tashrifi Londonning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashi «qat’iy» ekanini yana bir bor namoyon etadi.
Tashrif davomida ikki siyosatchi ukrainalik harbiylar tayyorgarlikdan o‘tayotgan harbiy-dengiz bazasiga borishi kutilmoqda.
U yerda Byornem va Zelenskiy Sea Breeze mashg‘ulotlarida qatnashgan Ukraina va Buyuk Britaniya harbiy xizmatchilari bilan uchrashadi. Ushbu qo‘shma mashg‘ulotlarda 15 davlat vakillari ishtirok etgan bo‘lib, ular Qora dengizda minalarni zararsizlantirish va boshqa dengiz operatsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan.











