Energetika vazirligi va uning quyi bo‘g‘inlaridagi rahbarlarda ijro va mas’uliyat yetishmayotgani tanqid qilindi. Shu bois, odamlar ham, tadbirkorlar ham tizimga mas’ul rahbarlarning hozirgi ishidan mutlaqo norozi.

“Takror aytaman: tizimdagi har bir rahbarning qilayotgan ishi, eng avvalo, odamlarning hayotida, turmush tarzida sezilishi, tadbirkorlarning mushkulini oson qilishi kerak”, – dedi davlatimiz rahbari.

Har yili yoz va qishda o‘nlab podstansiyalarda avariya bo‘lib, yuzlab transformatorlar yonib ketmoqda. Iyun-iyul oylarining o‘zida 4 mingga yaqin avariya sodir bo‘lib, aholi va tadbirkorlar 8-10 soatgacha elektrsiz qolgan.

So‘nggi besh yilda Shirin shahri, Yangihayot, Yakkasaroy va Ohangaron tumanida elektr iste’moli 2 karradan ziyod oshgan. Biroq mas’ullar va hokimlar tarmoqlarning bunday yuklamani ko‘tara olmasligini oldindan hisobga olmagan.

Prezidentimiz har bir uzilish tadbirkorlar va iqtisodiyotga qancha zarar keltirgani hisoblab chiqilmaganini tanqid qildi. Hokimlar energiya iste’moli balansini aniq bilmagani uchun milliardlab mablag‘ havoga ketayotganini ko‘rsatib o‘tdi.