Prezident selektorida energetika sohasida joylarda ishni qanday tashkil etish Yangiyo‘l tumani misolida ko‘rsatib berildi.
Tumanda 1 400 kilometr elektr tarmog‘i va 422 ta transformator mavjud.
So‘nggi besh yilda aholining elektr iste’moli 68 milliondan 102 million kilovatt-soatga, ya’ni 1,5 karra oshgan. Lekin bu davrda bor-yo‘g‘i 60 ta transformator va 240 kilometr tarmoq yangilangan. Yil boshidan elektr yo‘qotishlari 30 million kilovatt-soatga yetgan, tarmoqlarda 37 ta avariya sodir bo‘lgan.
To‘lov intizomi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani sababli debitor qarzdorlik 43 milliard so‘mga chiqib ketgan. Shuning 9,4 milliard so‘mi noreal qarzdorlik hisoblanadi.
Tumanda 829 ta iste’molchining hisoblagichi ASKUE tizimiga mos kelmaydi, yana 2 mingta hisoblagich ma’lumot yubormaydi. Soliqqa «nol» hisobot topshirgan 48 ta korxona esa olti oyda 871 ming kilovatt-soat elektr ishlatgan.
Gaz ta’minotida ham xuddi shunday ahvol kuzatilmoqda. 5 mingdan ortiq gaz hisoblagich ma’lumot uzatmayotgani oqibatida qarzdorlik 188 milliard so‘mga yetgan.
Yangiyo‘l tumani aholisi va tadbirkorlarini elektr hamda gaz bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha maxsus shtab tashkil etiladi. Unga energetika vaziri Sherzod Xodjayev boshchilik qiladi, tuman hokimi San’at Jumaniyozov esa uning o‘rinbosari bo‘ladi.
Mas’ullar ikki haftada tumanning 51 ta mahallasida aholi va tadbirkorlarning oylik, choraklik va yillik talabini o‘rganadi. Shu asosda “energiya iste’moli balansi” shakllantiriladi.
Qaysi mahallada transformator yoki gaz taqsimlash qurilmasini yangilash, qayerda tarmoq tortish zarurligi aniq belgilanadi. ASKUE va ASKUG tizimiga mos kelmaydigan hisoblagichlar almashtirilib, ma’lumot uzatmayotgan qurilmalarning uzluksiz aloqasi ta’minlanadi.
Elektr va gaz yo‘qotishlarini 2 karra kamaytirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi. Bunda zarur mablag‘ning qanchasi tizim korxonalari, qanchasi mahalliy qo‘shimcha daromad hisobidan ajratilishi aniq ko‘rsatiladi.
Yirik iste’molchi bo‘lgan korxonalar energiya auditidan o‘tkazilib, ularni tejamkor texnologiyalarga o‘tkazish uchun banklar tomonidan resurs ajratiladi. Barcha bog‘cha, maktab, texnikum, shifoxona va poliklinikalarning energiya sarfi tahlil qilinib, toifalarga ajratiladi.
Ko‘p qavatli uylarning isitish tizimi diagnostika qilinadi, qarzdorlikni bartaraf etish bo‘yicha ko‘chama-ko‘cha ish olib boriladi. Barcha ishlar 1 oktyabrgacha yakunlanib, Yangiyo‘l elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha namunaviy tumanga aylantiriladi.
Yangiyo‘l misolidagi tizim respublikadagi barcha tuman va shaharlarga tatbiq etiladi. Energetika tizimi rahbarlari har bir viloyatdagi eng og‘ir bittadan tumanga biriktiriladi.
Ular hokimlar bilan birgalikda yil yakunigacha o‘ziga biriktirilgan hududda yangi ish tizimini yo‘lga qo‘yadi. Islohotlar shtabi, Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, tarmoq va bank rahbarlari ham hududlarga chiqadi.
Aholi va tadbirkorlarning elektr va gaz bilan bog‘liq masalalari o‘rganilib, mas’ullarga yil yakunigacha va kelasi yilda amalga oshiradigan ishlari aniq ko‘rsatiladi. Mazkur ishlar uchun mablag‘ manbalari ham belgilab beriladi.
Elektr va gaz hisobini yuritish, tarmoqdagi yo‘qotishlar va debitor qarzdorlikni keskin kamaytirish imkoniyatlari joyida ko‘rsatib beriladi.
Davlat rahbari viloyat va tumanlardagi elektr hamda gaz ta’minoti rahbarlarining “ko‘zini ochish”, ularni natija uchun ishlash uchun mas’uliyatini oshirish zarurligini ta’kidladi.











