25 iyul kuni Rossiya janubidagi Rostov oblastiga kuchli dovul yopirildi – kuchli momaqaldiroq bo‘lib, jala quydi. Rostov-Don shahri meri Aleksandr Skryabinga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida bir kishi halok bo‘lib, 13 kishi jabrlangan, shundan yetti nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Noqulay ob-havo tufayli oblastning 15 ta shahri va rayoni elektr ta’minotisiz qolgan, Rostovda va yana bir necha aholi yashash manzillarida ichimlik suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar ham yuzaga kelgan.
Rostov shahrida 170 dan ortiq daraxt qulagan, ularning ayrimlari avtomobillarni bosib qolgan, shuningdek, 18 ta joyda yuqori voltli liniyalarda avariya ro‘y bergan.


Gubernator Yuriy Slyusar ma’muriyat qayta tiklash ishlarini nazorat qilayotganini ta’kidlab, hudud aholisidan imkon qadar uyda qolishni so‘ragan.

Rossiya temiryo‘llari ma’lum qilishicha, noqulay ob-havo sharoiti tufayli regionda qariyb 90 ta poyezd o‘z vaqtida yo‘lga chiqa olmagan, ayrim reyslar sakkiz soatgacha kechiktirilgan.











