Ar-Riyodning shu paytgacha shakllangan mintaqaviy qarashlari qanday edi? Nega u bugun murakkab geostrategik holatda? Asosiy ittifoqchisi AQShning Yaqin Sharqdagi mavqeyi zaiflashishi Saudiya manfaatlari uchun nimani anglatadi? Husiychilarning saudlar tankerlariga hujumi fonida, siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida shu kabi savollarga javob berdi.

AQSh-Eron urushi eskalatsiya tomon ketmoqda. AQShda katta urush strategiyasi va g‘alaba loyihasi mavjud emas. Shuning uchun AQShning Eronga zarbalaridan maqsad – rasmiy Tehronni jazolash, qo‘rqitish, Vashington shartlariga ko‘ndirishdan iborat.

Biroq Eron qo‘rqish niyatida emas. Aksincha, Tehron Vashingtonga basma-bas javob berish niyatida.

Shu fonda Eronning mintaqadagi eng yirik ittifoqchilaridan biri hisoblanmish Yamandagi husiychilar AQSh-Eron urushiga to‘laqonli kirib kelmoqda. Kuni kecha “Ansorulloh” harakati (husiychilar) Bab-al-Mandib bo‘g‘ozida Saudiya Arabistoniga tegishli ikkita neft tankeriga hujum qilgan. Qurbonlar yo‘q, lekin tanker va unga ortilgan neft yo‘q qilingan. Bu – AQSh-Eron urushining kengayib borayotganini ko‘rsatadi.

Eron tomonidan Ho‘rmuz bug‘ozi, mana endi husiychilar tomonidan Bab-al-Mandib bo‘g‘ozining bloklanishi – dunyo iqtisodiyoti va energetika sektoriga kuchli zarba bo‘lmoqda. Keyingi kunlarda neft narxi keskin oshib, bir barrel uchun 100 dollar ostonasiga yetib qo‘ydi.

Husiychilar bu zarbalarni izohlarkan, “Saudiya tomoni biz joriy qilgan tartibga rioya qilmadi”, “Saudiya Arabistoni bizga nisbatan 12 yillik kurash olib borgan edi, shuning o‘chini ham oldik” deya bayonotlar berdi.

Saudiya hozir bir necha yil oldingi kabi Yamanda harbiy operatsiya o‘tkazishdan tiyilishni afzal ko‘radi. Chunki ko‘rib turibdi, urushlar davlatlarni holsizlantiradi, qurol-yarog‘ zaxiralarini yemiradi, bu esa Isroilga muqarrar qulaylik yaratadi. Boshqa tomondan, bir paytlar Eronga va husiychilarga qarshi turgan Saudiya bugun to‘laqonli yangi diplomatik ohang ham shakllantira olmayapti.

AQSh-Eron urushining markazida turuvchi eng asosiy masala – mintaqadagi qudrat va hokimiyat masalasidir. AQSh mintaqada o‘zining gegemonligini saqlab qolishni istaydi, Eron esa hozirgi fursatdan foydalanib, bu status-kvoni ko‘rib chiqish niyatida. Shuning uchun ham bu urushning oqibatlari mintaqa uchun tarixiy ahamiyatga ega. Jumladan, Saudiya Arabistoni uchun ham.

Saudiya Arabistoni mintaqadagi eng yirik davlatlardan biri, energetik super-qudrat, islom tsivilizatsiyasining geografik va tarixiy markaz davlati, arab dunyosining lideri. Bugun Saudiyani o‘z tomoniga og‘dirish yoki o‘z tarafida ushlab qolish uchun jiddiy kurashlar ketmoqda. Saudiya Arabistonining ambitsiyalari shundayki, u boshqalarga ergashishni emas, lider bo‘lib, boshqalarni ergashtirishni istaydi.

Bugungi urushlar soyasida, Saudiya Arabistonining geostrategiyasi kuchli inqirozda. Bir tomondan, Saudiya Eronning kuchayishini istamaydi, lekin Tehronning yiqilishi ham rasmiy Ar-Riyod uchun muammolar keltirib chiqaradi. Sababi, agar Eron yiqilsa, Isroil kuchayadi, AQShning ta’siri ortadi. Bu esa Saudiya uchun ham muammolar keltirib chiqaradi.

Isroilning keyingi yillardagi G‘azodagi yovuzliklari podsholikni jiddiy qo‘rqitdi. Isroil o‘zining “Katta Isroil” loyihasini juda agressiv boshlab yuborgani Saudiyada haqiqiy xavotirlarga sabab bo‘ldi. Keyingi o‘n yilliklarda Saudiya Arabistoni mintaqadagi AQShning eng asosiy ittifoqchilaridan biri bo‘ldi. Lekin keyingi vaqtlarda Saudiya endi AQShning “sodiq ittifoqchisi” bo‘lishdan u qadar manfaatdor emas. Chunki Isroil bilan real ziddiyatlar bo‘lganida, AQSh o‘zining arab ittifoqchilaridan juda tez voz kechishi ma’lum bo‘ldi, faqat Isroil tarafida qolishi ko‘rindi.

Qolaversa, yaqin-yaqingacha bir qancha arab davlatlari Saudiya Arabistonini o‘zlarining “katta akasi”, lider davlati deb bilardi. Jumladan, Birlashgan Arab Amirliklari. Biroq, keyingi yillarda amirlik o‘zida Saudiyaga muqobil bo‘lgan, ba’zan Saudiyaga qarshi bo‘lgan kuch, davlat va loyiha sifatida ko‘rinmoqda. Amirlik bugun Saudiyaga emas, Isroilga jiddiy oriyentir olishi – bu ikki arab davlati o‘rtasida strategik bo‘linish borligini ko‘rsatadi. Bu bilan Saudiyaning mintaqaviy strategiyasi ham jiddiy inqirozda.

Rasmiy Ar-Riyod Turkiyani o‘ziga yashirincha yoki oshkora raqib sifatida ko‘radi. Misol uchun, Suriyada hokimiyat almashgach, Damashq ma’muriyati Saudiyaga emas, Turkiyaga oriyentir olishi podshohlikka yoqmaydi. Turkiyani va Qatarni Eronga moyil davlatlar sifatida ko‘radi.

AQSh Saudiya Arabistoniga tinch atom dasturini yaratib bermoqchi. Hatto uranni boyitish ishlari ham Saudiya hududida bo‘lishi aytilmoqda. Shartnoma 30 yillik muddatga tuzilmoqda. Bu bilan AQSh Saudiya kabi muhim davlatni o‘z ta’sir doirasida saqlab qolish, aloqalarni mustahkam ushlab qolish niyatida.

AQShning bu qadami – keyingi yillarda imkon qadar ko‘p vektorli siyosat yuritish yo‘liga kirib borayotgan Saudiyani o‘z komandasida ushlab qolishga intilishdir. Biroq, Saudiya Arabistoni ko‘p vektorli siyosatga ko‘proq kirib borsa kerak. Chunki Saudiya o‘zini ergashuvchi emas, ergashtiruvchi davlat deb biladi. Lekin muammo shundaki, Saudiya Arabistoni o‘zining geosiyosiy qutbini yaratishi uchun unga shijoat, geosiyosiy erkinlik va strategik fikrlash yetishmaydi.

Saudiya shoshilayotgani yo‘q. U har doim ehtiyotkor bo‘lgan. Va Saudiyani ilhomlantiruvchi, shijoat beruvchi asosiy omil – dunyoda o‘zgarib borayotgan kuchlar nisbati hisoblanadi. Saudiya – hozirgi pallada o‘zgarishlarni amalga oshiruvchi emas, balki amalga oshayotgan o‘zgarishlardan ehtiyotkorona foydalanayotgan davlat maqomida qolyapti.