Hindiston ta’lim vaziri Dharmendra Pradhan talabalarning Dehlidagi bir necha haftalik ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng iste’foga chiqdi. Bu haqda Hindustan Times xabar bermoqda.

Namoyishlar ishtirokchilari imtihonlardagi qonunbuzilishlar, jumladan, milliy kirish imtihoni (NEET-UG) savollarining sotilishi sababli uning iste’fosini talab qilishayotgandi.

Harakat may oyida hazil tariqasida boshlangan edi: Hindiston bosh sudyasi Surya Kant sud majlisida hukumat tanqidchilari va ishsiz yoshlarni «suvaraklar»ga o‘xshatdi. Shundan so‘ng Boston universiteti talabasi Abhijit Dipke ijtimoiy tarmoqda «agar barcha suvarak birlashsa-chi?» degan chaqiriq bilan chiqdi. G‘oya tez orada millionlab izdoshni birlashtirib, jiddiy siyosiy harakatga aylandi.

Namoyishlar Hindistondagi nufuzli tibbiyot institutlariga may oyida bo‘lib o‘tgan imtihonlardan keyin boshlandi. Imtihon savollari avvaldan tarqalib ketgani ma’lum bo‘lgach, hukumat barcha abituriyentlarning natijalarini bekor qildi. Buning ortidan bir necha kishi o‘z joniga qasd qildi. 

«Suvaraklar harakati» asoschisi Abhijit Dipke namoyishlar ta’lim vaziri iste’fosidan so‘ng hukumat yana boshqa shartlarni bajarsagina to‘xtashini ma’lum qildi. Ular orasida imtihon sababli farzandlari o‘z joniga qasd qilgan oilalarga 10 mln rupiy kompensatsiya to‘lash, namoyish qatnashchilarini ta’qib qilmaslik, politsiyachilarning namoyishchilardan uzr so‘rashi talablari bor.