Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi - Ekopolitsiya xodimlari 19 maydan 22 iyulga qadar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida nazorat reydlarini o‘tkazdi.
Reydlarda asosiy e’tibor qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga noqonuniy tashish va daraxtlarni noqonuniy kesish holatlarini aniqlashga qaratildi.
Nazorat tadbirlari Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq, Zangiota va Qibray tumanlari, shuningdek, poytaxtning Yangihayot, Yunusobod va Sergeli tumanlarida o‘tkazildi.
Tekshiruvlar davomida fuqarolar qurilish chiqindilarini transport vositalarida belgilanmagan joylarga olib borib tashlagani aniqlangan.
Reydlar yakunlariga ko‘ra, huquqbuzarlarga nisbatan 48 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jami 316,3 mln so‘m jarima belgilandi.
Shuningdek, bir yil ichida chiqindilarni noqonuniy tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarlikni takroran sodir etgan haydovchi ham aniqlangan. Ushbu holat bo‘yicha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish uchun tayyorlanmoqda.
Ekopolitsiya tomonidan bunday reyd tadbirlari respublikaning barcha hududlarida davom ettirilmoqda.











