23 iyul kuni «Ijtimoiy ish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Hujjat ijtimoiy ish sohasida yagona huquqiy mexanizmni belgilab, ijtimoiy masalalarni hal etishda profilaktik yondashuvni joriy etishni nazarda tutadi.

Qonunga muvofiq, professional ijtimoiy xodimlar poliklinikalar, maktablar, bandlik markazlari, sudlar, ichki ishlar organlari va jazoni ijro etish muassasalarida faoliyat yuritadi.

Endilikda oilalar va fuqarolarning ijtimoiy yordamga muhtojlik darajasi faqat ularning daromadiga qarab emas, balki hayotiy vaziyatini kompleks baholash asosida aniqlanadi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj deb topilgan har bir fuqaro yoki oila uchun individual qo‘llab-quvvatlash rejasi ishlab chiqiladi.

Mazkur sohada maxsus vakolatli davlat organi etib Ijtimoiy himoya milliy agentligi belgilandi.

Qonunda Vazirlar Mahkamasi, ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy hokimiyat organlarining vakolatlari hamda mas’uliyati belgilangan. Shuningdek, ijtimoiy yordam ko‘rsatish jarayonida mahallalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik sub’yektlari va fuqarolarning ishtirok etishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, hujjat bilan ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam turlari, fuqarolar va oilalarni ijtimoiy himoyaga muhtoj deb e’tirof etish tartibi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni taqdim etish va to‘xtatish asoslari hamda uni moliyalashtirish manbalari belgilandi.

Qonunda ijtimoiy xodimlarning huquqiy maqomi, ularga beriladigan ijtimoiy kafolatlar va faoliyati bilan bog‘liq cheklovlar ham mustahkamlab qo‘yildi.

Hujjat 2026 yil 23 iyuldan kuchga kirgan.