Tegishli qaror loyihasi 24 iyul, juma kuni Chernogoriya hukumati saytida e’lon qilingan.

Hujjatga ko‘ra, Chernogoriyaga vizasiz kirish va mamlakat hududida bo‘lish tartibini belgilaydigan qoidalarga o‘zgartish kiritish rejalashtirilgan. Rossiya va Belarus fuqarolari 30 kungacha vizasiz bo‘lishi mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatidan chiqariladi.

Shu bilan birga, hujjatda o‘tish davriga oid alohida qoida belgilanmoqda. Unga ko‘ra, Rossiya va Belarus fuqarolari ikki tomonlama safarlar to‘g‘risidagi xalqaro kelishuvlar asosida 2026 yil 31 oktyabrga qadar Chernogoriyaga vizasiz kirishi, mamlakat hududidan tranzit o‘tishi va 30 kungacha bo‘lishi mumkin.

Buning uchun ular o‘z mamlakatlarining vakolatli organlari tomonidan berilgan amaldagi safar hujjatlariga ega bo‘lishi lozim.

1 noyabrdan qanday tartib amal qilishi hozircha noma’lum

Rossiya va Belarus fuqarolari 2026 yil 1 noyabrdan boshlab Chernogoriyaga aynan qanday tartibda kirishi hozircha ma’lum qilinmagan.

Bundan tashqari, hujjatdagi o‘zgartishlar hali yakuniy emas. Qaror loyihasi Chernogoriya hukumati tomonidan tasdiqlanishi lozim.

Avvalroq Chernogoriya OAV Rossiya fuqarolari uchun viza tartibi 2026 yil sentyabr oxirida joriy qilinishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Yangi loyiha esa amaldagi vizasiz tartib 31 oktyabrga qadar saqlanib qolishini nazarda tutmoqda.

O‘zgarishlar Chernogoriyaning YeIga qo‘shilishi bilan bog‘liq

Chernogoriyaning viza siyosatidagi o‘zgarishlar mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish yo‘lidagi qadamlaridan biri hisoblanadi.

YeI viza siyosati talablariga muvofiq, Chernogoriya o‘z vizaviy tartibini ittifoq qoidalariga moslashtirishi kerak. Xususan, Yevropa Ittifoqi viza talab qiladigan davlatlar bilan mavjud vizasiz rejim bo‘yicha kelishuvlarni qayta ko‘rib chiqish talab etiladi.

Shu sababli Podgoritsa Rossiya va Belarus bilan bir qatorda Turkiya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Bahrayn va boshqa ayrim davlatlar fuqarolari uchun ham vizasiz rejimni bosqichma-bosqich bekor qilishni rejalashtirmoqda.

Chernogoriya elchixonasi Rossiya fuqarolarini viza rejimi joriy etilishi haqida hali 2025 yilda ogohlantirgan edi.

2026 yil iyul oyi boshidan Rossiyaning bir qator shaharlarida Chernogoriya viza markazlari ish boshlagan. Biroq yangi tartib rasman tasdiqlanguniga qadar ushbu markazlarda asosan uchinchi davlatlar fuqarolariga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Chernogoriyaga 2022 yilda 100 mingdan ortiq rossiyalik borgan

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlangan 2022 yil 24 fevraldan 10 oktyabrga qadar 112 mingdan ortiq Rossiya fuqarosi Chernogoriyada 90 kungacha bo‘lish uchun ariza bergan. Bu haqda o‘sha vaqtda Chernogoriya Ichki ishlar vazirligi ma’lum qilgan.

Xuddi shu davr mobaynida 50 mingdan sal ko‘proq Ukraina fuqarosi ham shunday ariza topshirgan.

Keyinchalik mahalliy OAV Rossiya fuqarolarining bir qismi yashash uchun ruxsatnoma olish va tadbirkorlik faoliyatiga oid mahalliy qonunchilikdagi shartlar sabab Chernogoriyani tark eta boshlaganini yozgan. Ularning ko‘pchiligi qo‘shni Serbiyaga ko‘chib o‘tgan.

2026 yil holatiga Chernogoriyada doimiy yoki uzoq muddat yashayotgan Rossiya fuqarolarining aniq soni bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar keltirilmagan. OAV baholariga ko‘ra, mamlakatda 21 mingdan 26 ming nafargacha rossiyalik istiqomat qiladi. Bu Chernogoriya aholisining taxminan 3 foizini tashkil etadi.