Xavfli jinoyatchi Misrdan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda IIV xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qo‘lga olingan shaxs tovlamachilik va bir qator boshqa og‘ir jinoyatlarni sodir etgani uchun xalqaro qidiruvga berilgan.
Ushbu ekstraditsiya jarayonida xalqaro hamkorlikni tashkil etish bo‘yicha asosiy muvofiqlashtiruvchi vazifani O‘zbekiston Interpol milliy markaziy byurosi amalga oshirgan. Byuro xodimlari Interpolning Qohira shahridagi milliy markaziy byurosi bilan tezkor axborot almashinuvini yo‘lga qo‘ygan hamda ikki davlat vakolatli idoralarining o‘zaro hamkorligi muvofiqlashtirilgan.
Interpol milliy markaziy byurosi qidirilayotgan shaxsning davlatlararo harakatlanish yo‘nalishlarini aniqlagan va uning Misrda ekani tasdiqlangan. Interpol kanallari orqali olingan ma’lumotlar Misrning vakolatli idoralariga qidiruvdagi shaxsni qo‘lga olish imkonini bergan.
Ekstraditsiya to‘g‘risidagi so‘rov ko‘rib chiqilgach, Misr vakolatli idoralari qo‘lga olingan shaxsni O‘zbekistonga topshirish haqida qaror qabul qilgan. Shundan so‘ng u jinoiy javobgarlikka tortish uchun O‘zbekistonga olib kelingan.











