Argentina finalda Ispaniyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lganidan keyin, argentinalik futbolchilar va murabbiylar shtabi a’zolari jahon chempionatidagi g‘oliblikni nishonlayotgan ispaniyaliklar bilan jismoniy kurashga kirishgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda to‘qnashuvda Nauel Molina, Leandro Paredes, Tiyago Almada, Lisandro Martines hamda bosh murabbiy yordamchisi Roberto Ayyala faol ishtirok etganini ko‘rish mumkin.

To‘qnashuv paytida FIFAning sharhlovchilar va jurnalistlarni xabardor qilish tizimi hakam Slavko Vinchich Paradesga ispanlar himoyachisi Erik Garsiyaning tomog‘idan bo‘g‘gani uchun qizil kartochka ko‘rsatgani ma’lumot berdi.

Keyinroq bu qizil kartochka bekor qilingani haqida xabar tarqaldi. Ammo aslida FIFA tizimi xatolikka yo‘l qo‘ygani va argentinalik futbolchining qo‘polligi bosh hakam tomonidan e’tiborsiz qoldirilgani, unga o‘sha vaqtda qizil kartochka ko‘rsatilmagani ma’lum bo‘ldi.

O‘yin vaqtida esa argentinaliklarning boshqa bir futbolchisiga rostdan ham qizil kartochka ko‘rsatilgandi: Enso Fernandes o‘yinning asosiy vaqti tugayotganida maydon markazidagi qo‘pol harakati uchun ikkinchi sariq kartochkani olgan va maydonni tark etgandi.

Shu bilan bir vaqtda, FIFA Argentina milliy jamoasi futbolchilarining JCh yarimfinalida Angliyaga qarshi o‘yindan keyingi harakatlarini ham tekshiradi. O‘shanda futbolchilar maydonga siyosiy ruhdagi bannerni olib tushishgandi – bannerda Buyuk Britaniya tarkibidagi Folklend orollari Argentinaniki ekani yozilgandi.

O‘yindan keyingi voqealar

O‘yin yakunlangani haqidagi hushtak chalinishi bilan Argentinaning bir necha futbolchilari, jumladan, Lionel Messi gazonga o‘tirib oladi.

Boshqalar turgan joyida qotadi, Ispaniya futbolchilari esa g‘alabani nishonlash uchun butun maydon bo‘ylab yugura boshlaydi.

Xususan, o‘yin davomida zaxiraga olingan futbolchilardan biri, ispaniyalik yarimhimoyachi Rodri maydonga chopib chiqadi. U argentinaliklar himoyachisi Molinaning oldidan yugurib o‘tayotganida raqib uni qo‘llari bilan urib yuboradi.

Barchasi shundan boshlanadi.

Rodri Molinaning oldiga qaytib, unga e’tiroz bildira boshladi, argentinalik futbolchi esa tajovuzkorlik qilishda davom etadi.

Garsiya o‘z jamoadoshiga yordam berish uchun yetib keladi, yaqin atrofda turgan Paredes ham janjalga qo‘shilib, Garsiyani turtib yiqitadi, u o‘rnidan turib kelganida esa tomog‘iga zarba beradi.

Argentina milliy jamoasi ustozi Lionel Skaloni futbolchilarni tinchlantirishga harakat qiladi, ammo endi Paredesni to‘xtatib bo‘lmasdi.

Ispaniyaliklardan yana biri, yarimhimoyachi Gavi voqea joyiga yetib kelib, futbolchilarni ajratishga urinadi, ammo Paredes uni ham bir necha marta urib, gazonga qulatadi.

Bu vaqtda boshqa bir nuqtada yordamchi murabbiy Ayyala avvaliga Garsiyaning tomog‘idan bo‘g‘adi, keyin esa ispaniyalik yarimhimoyachi Dani Olmoning yuziga uradi.

«Bir to‘da jirkanch, shafqatsiz ablahlar»

Final hushtagidan keyingi janjal kutilganidek futbol jamoatchiligida katta noroziliklarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa jamoasi yarimfinalda Argentinaga mag‘lub bo‘lib (1:2), finalga chiqa olmagan ingliz ekspertlari hissiyotga berilishdi. Masalan, «Uch sherlar»ning sobiq hujumchisi Alan Shirer janubiy amerikaliklarning harakatlarini keskin qoraladi.

«Paredes raqibning yuziga ikki yoki uch marta kuchli zarba berdi. U rostmanasiga raqibga tashlandi. Futbolda bunday narsalarga o‘rin yo‘q. Biz argentinaliklar uchun mag‘lubiyat qanchalik og‘irligini bilamiz. Ammo yutqazishni ham bilish kerak. Biz Argentina jamoasi ijrosida bunday holatlarni juda ko‘p ko‘rganmiz. Ularning final hushtagidan keyingi xatti-harakatlari dahshatli edi», – deya «Nyukasl» afsonasining so‘zlarini keltiradi Yahoo Spors.

Britaniyalik teleboshlovchi Pirs Morgan ham keskin fikr bildirdi.

«Argentinaliklarning, ayniqsa Paradesning o‘yin oxiridagi jirkanch xatti-harakatlari. Shunchaki bir to‘da jirkanch, shafqatsiz ablahlar, futbol uchun sharmandalik. Hech qachon qaysidir jamoaning mag‘lubiyatidan bunchalik xursand bo‘lmaganman», – deya yozgan u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

«Manchester Yunayted»ning sobiq futbolchisi Ueyn Runi ham ushbu epizod yuzasidan munosabat bildirdi.

«Bu sizni ajablantirdimi? Meni ajablantirmadi. Biz Argentina ijrosida bunday voqeaga avval ham ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Bu sen ko‘rishni xohlaydigan reaksiya emas. Biz jahon chempionatida Angliya ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin ham ularning bu kabi harakatlariga guvoh bo‘lgandik», – deya uning so‘zlarini keltirgan BBC.

«MYu»ning yana bir afsonasi, Gari Nevill ITV efirida shunday dedi: «Menga argentinaliklarning musobaqalashish shijoati yoqadi, ammo Paredes so‘nggi ikki o‘yinda o‘zini shunchaki dahshatli tutdi».

O‘z navbatida, Argentina milliy jamoasi ustozi, o‘z futbolchilarini janjal vaqtida ajratib ololmagan Lionel Skaloni o‘yindan keyingi intervyusida qo‘rqinchli narsa bo‘lmaganini aytib chiqdi.

«Biz olijanoblik bilan g‘alaba qozonamiz va mag‘lubiyatda ham olijanoblik ko‘rsatishimiz kerak, – dedi Skaloni. – Bugun biz mag‘lubiyatni ham qabul qila olishimizni ko‘rsatdik. Biz bu o‘yinda mag‘lub bo‘ldik, buni qabul qilamiz, lekin bu hayot tugaganini yoki bu yerga kelish uchun qilgan barcha ishlarimizni unutishimiz kerakligini anglatmaydi».

Argentina milliy jamoasiga nima tahdid qilishi mumkin?

FIFA intizomiy qo‘mitasida harakatlarning bir necha varianti bor.

Maxsus prokuror tayinlash orqali FIFA shunchaki futbolchilarning tajovuzkor xatti-harakatlarini tekshirishni emas, balki maydonda aynan nima sodir bo‘lganini aniqlashni maqsad qilgan.

FIFA intizomiy kodeksining 13-moddasida haqoratli xatti-harakatlar va halol o‘yin tamoyillari buzilishi haqida gap ketadi.

Hujjatga ko‘ra, jamoa futbolchilari va boshqa a’zolarning xatti-harakatlari «munosib xulq-atvorning asosiy qoidalarini» buzgan, shuningdek, ularning xatti-harakatlari «futbolning sport sifatidagi obro‘siga va (yoki) FIFA obro‘siga zarar yetkazgan», deb topilishi mumkin.

FIFA prokurori «og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlar»ni inobatga oladi, shuningdek, unda jazo ijrosini barcha musobaqalar uchun qo‘llash huquqi bor.

FIFA 13-moddani 2023 yilda Ispaniya futbol federatsiyasining o‘sha paytdagi rahbari Luis Rubialesni ayblashda qo‘llagandi – u o‘shanda ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida Angliya ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng, ispanlar jamoasi futbolchisi Jyenni Ermosoning lablaridan o‘pib olgandi.

Foto: Catherine Ivill / Getty Images

O‘shanda unga uch yil davomida futbol bilan bog‘liq barcha tadbirlarda ishtirok etish taqiqlangandi. Rubiales bu qaror ustidan apellyatsiya bergan, ammo yutqazgan.

Bundan tashqari, Urugvay milliy jamoasi futbolchisi Luis Suares 2014 yilgi jahon chempionati vaqtida italiyalik himoyachi Jorjo Kiyellinining yelkasidan tishlab olgani uchun shu modda asosida to‘rt oy muddatga diskvalifikatsiya qilingandi. Natijada Suares «Liverpul»ning yangi mavsum startidagi to‘qqiz o‘yinini o‘tkazib yuborgan.

Ammo Molina, Paredes, Almada va Ayyala bu qadar uzoq muddatlarga diskvalifikatsiya qilinishi ehtimoli kam.

Bu argentinaliklar bilan bog‘liq ilk mojaro emas

Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA) so‘nggi yillarda o‘z o‘yinchilarining yomon xulqi tufayli bir necha bor muammoga duch kelgan.

2022 yilgi jahon chempionati finalidan keyin Argentinani «haqoratli xatti-harakatlar va halol o‘yin tamoyillarini buzish», shuningdek, futbolchilar va amaldorlarning sportga xos bo‘lmagan xatti-harakatlarida ayblangan.

Argentina milliy jamoasi o‘shanda Fransiyani penaltilar seriyasida mag‘lub etgan, lekin o‘yindan keyin futbolchilarning bu g‘alabani nishonlashda ko‘rsatgan qiliqlari tanqidga uchragandi.

Argentinalik darvozabon Emiliano Martines turnirning eng yaxshi darvozaboni uchun berilgan sovrini bilan nojo‘ya harakatni amalga oshirgan (qo‘lqoplar shaklidagi sovrinni beliga qo‘yib ko‘rsatgan), keyin esa, kiyim almashtirish xonasida kameraga fransuzlar hujumchisi Kilian Mbappe ko‘rinishida yasalgan qo‘g‘irchoqni ko‘rsatgandi.

Argentina futbol assotsiatsiyasi bu holatlar uchun 20 ming dollar miqdorida jarimaga tortilgan, futbolchilar esa jazolanmagandi.

Ammo Martines 2024 yilda JCh saralashi doirasida Chili va Kolumbiyaga qarshi o‘yinlardagi «haqoratli harakatlari» uchun ikki o‘yinga diskvalifikatsiya qilinadi.

Chili ustidan 3:0 hisobida qozonilgan g‘alabadan keyin Martines Amerika kubogi nusxasi orqali o‘sha mojaroli jyestini takrorlaydi. To‘rt kun o‘tib esa u Kolumbiyaga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyin o‘zini tasvirga olayotgan operatorning telekamerasiga qo‘lqoplari bilan uradi.

Bundan tashqari, o‘sha 2024 yilda, Argentina Amerika kubogini qo‘lga kiritganida, milliy jamoa yarimhimoyachisi Enso Fernandes o‘zi e’lon qilgan video uchun uzr so‘rashga majbur bo‘lgandi. Fransiya futbol assotsiatsiyasi u ijtimoiy tarmoqda qo‘ygan qo‘shiqda «irqchilik va diskriminatsiya unsurlari» borligini aytib, e’tiroz bildirgandi.

AFA 2026 yilgi jahon chempionatidagi yana bir holat uchun jazolanishi mumkin, yarimfinalda Angliyaga qarshi o‘yindan keyin futbolchilar g‘alabani nishonlash chog‘ida «Las Malvinas son Argentinas» so‘zlari yozilgan transparantni namoyish etishdi, bu so‘zlar «Folklend orollari – Argentina» ma’nosini beradi.

2014 yilda AFA futbolchilar Sloveniyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan xuddi shu kabi banner ko‘tarishgani uchun 20 ming funt miqdorida jarimaga tortilgandi.

Bu safar FIFA ushbu shiorni ko‘targan futbolchilarni, jumladan, Angliya chempionatida o‘ynovchi futbolchilarni (bular Angliyaning «Tottenhem Hotspur» klubi himoyachisi Kristian Romero, shu klubning sobiq futbolchisi Jovani Lo Chelso va «Manchester Yunayted» himoyachisi Lisandro Martines) ham jazolashi mumkin.

O‘z vaqtida Ispaniya milliy jamoasi futbolchilari ham siyosiy ohangdagi so‘zlar uchun jazolangandi. Jamoa 2024 yilda Yevropa chempionati finalida Angliya ustidan g‘alaba qozongach, ispaniyaliklar sardori Alvaro Morata va Rodri «Gibraltar – bu Ispaniya» deb baqira boshlagandi. Buning uchun UYeFA ularni bittadan o‘yinga diskvalifikatsiya qilgan.

Tekshiruv natijalari qachon chiqishi mumkin?

FIFA 2026 yilgi jahon chempionati finalidan keyin Argentinaning harakatlarini tekshirish uchun qandaydir muddat belgilamagan.

Misol uchun, shu yil 18 fevral kuni UYeFA «Benfika»ning argentinalik futbolchisi Janluki Prestianniga irqchilikka yo‘g‘rilgan haqoratlar bo‘yicha ayblov e’lon qilish uchun inspektor tayinlagandi. U «Real»ga qarshi o‘yin paytida Vinisius Juniorni haqorat qilgani da’vo qilingan.

Taxminan ikki oydan so‘ng, 24 aprel kuni Prestianni gomofobik ruhdagi haqoratli so‘zlar uchun 6 o‘yinga diskvalifikatsiya qilinishi ma’lum qilindi.