Economist Intelligence Unit (EIU) har yili shaharlardagi hayot sifatiga baho beruvchi Global yashash qulayligi indeksi (Global Liveability Index)ni e’lon qiladi. Reyting shaharlarning barqarorligi, sog‘liqni saqlash tizimi, ta’lim sifati, infratuzilma hamda madaniy muhit va ekologiya kabi beshta asosiy mezon bo‘yicha shakllantiriladi.
2026 yilgi reytingda Daniya poytaxti Kopenhagen 100 balldan 98 ball to‘plab, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shahar davlat xizmatlarining samaradorligi, xavfsiz muhiti, rivojlangan transport tizimi, yuqori darajadagi tibbiy xizmat va qat’iy ekologik standartlari bilan yuqori baholandi.

Ikkinchi o‘rinni Avstriya poytaxti Vena egallagan bo‘lsa, uchinchi va to‘rtinchi pog‘onalardan Avstraliyaning yirik shaharlari - Melburn va Sidney joy oldi.
Yevropa va Avstraliya shaharlari yuqori sifatli davlat xizmatlari, zamonaviy infratuzilma, kuchli sog‘liqni saqlash tizimi va aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar tufayli dunyodagi eng qulay shaharlar sifatida yetakchilikni saqlab qolmoqda.
Shuningdek, Shveytsariyaning Tsyurix va Jyeneva shaharlari birinchi oltilikdan o‘rin olgan. Yaponiyaning Osaka va Tokio shaharlari esa 96 ball bilan yuqori natija qayd etgan. Shimoliy Amerikadan kuchli o‘nlikka kirgan yagona shahar Kanadadagi Vankuver bo‘ldi.
Reytingning quyi qismiga esa qurolli mojarolar, siyosiy beqarorlik, iqtisodiy muammolar va infratuzilmaning yetarlicha rivojlanmagani hayot sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgan shaharlar kiritilgan.
Eng so‘nggi o‘rinni 32 ball bilan Suriya poytaxti Damashq egalladi. Undan keyin Liviyaning Tripoli va Bangladeshning Dakka shaharlari joylashgan.
Shuningdek, eng noqulay shaharlar qatoridan Kiyev, Tehron, Karachi va Lagos ham o‘rin olgan. Mutaxassislar fikricha, ushbu shaharlarda xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar, davlat xizmatlarining samaradorligi pastligi va infratuzilmadagi kamchiliklar aholining kundalik hayot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.










