Qarorga ko‘ra, “og‘ir” mahallalarda 300–500 kVt quvvatga ega kichik quyosh elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Loyihani moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 110 mln AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilishi belgilangan.

Shuningdek, 1 oy muddatda kichik quyosh stansiyalarini barpo etish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi alohida qaror loyihasi kiritilishi ko‘zda tutilgan:

loyihalashtirish, davlat ekspertizasidan o‘tkazish va tender asosida pudratchini aniqlash;
qurilish-montaj ishlarini tashkil etish;
stansiyalarni foydalanishga qabul qilish va boshqarish;
ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotishdan tushgan mablag‘larni taqsimlash tartibini belgilash.

Qayd etilishicha, mazkur loyiha “og‘ir” mahallalarni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, yangi daromad manbalarini yaratish va kambag‘al oilalarni barqaror ravishda qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.