Ma’lum qilinishicha, “Buxoro–Qorako‘l” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Jyentra” rusumli avtotransport vositasi Jondor tumani hududida to‘xtatilib, tekshirilgan. Tekshiruv natijasida avtomashina salonida sof vazni 4 kg 715 g bo‘lgan “opiy” moddasi borligi aniqlangan.
DXX ma’lumotiga ko‘ra, avtomashinada Qorako‘l tumanida yashovchi 1969 yilda tug‘ilgan shaxs hamda 1973 yilda tug‘ilgan xorijiy davlat fuqarosi bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular ushbu narkotik moddani avvalroq narkokurerlar tomonidan Afg‘onistondan kontrabanda qilingan va Buxoro shahri hududida yashirilgan joydan olgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) va 25, 273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Qayd etilishicha, qonunchilikka muvofiq, bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslar 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.











