Falastinning HAMAS harakati AQSh prezidenti Donald Trampning tinchlik rejasi doirasida G‘azo sektoridagi barcha garovga olinganlarni ozod qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda 3 oktyabr, juma kuni AFP axborot agentligi va Al Jazeera telekanali xabar berdi. Amerika yetakchisi HAMASning Tramp tashabbusiga javob matnini Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi.

Jangchilar «almashinuv uchun zarur shart-sharoit yaratilsa» barcha tirik qolganlar va jasadlarni «prezident Tramp taklif qilgan almashinuv formulasiga muvofiq» Isroilga topshirishga rozi bo‘ldi. «Harakat ushbu kelishuv tafsilotlarini muhokama qilish uchun vositachilar orqali zudlik bilan muzokaralarni boshlashga tayyorligini tasdiqlaydi», deya ma’lum qildi HAMAS.

Guruh, shuningdek, G‘azo sektori boshqaruvini «Falastin milliy konsensusi hamda arab va islom ko‘magi asosida» mustaqil organga o‘tkazishga kelishib oldi.

Ayni paytda harakat siyosiy byurosi a’zosi Muso Abu Marzuqning ta’kidlashicha, garovga olinganlar va halok bo‘lganlarni 72 soat ichida topshirish «hozirgi sharoitda real emas, nazariy masala».

Shu bilan birga, harakat rejada nazarda tutilganidek, qurolsizlanish masalasini hal qilmadi. Qatardagi HAMAS yetakchilari AQSh prezidenti tashabbusining ayrim shartlarini o‘zgartirishni talab qilmoqda.