Prototaksitlar — taxminan 400 million yil avval yashagan, 8 metrgacha o‘sgan g‘aroyib strukturalar hisoblanadi. XIX asrdayoq bu toshga aylangan jismlar topilgan, ammo ularni avval daraxt, keyin qo‘ziqorin, hatto suvo‘t hisoblashgan. Ammo Edinburg universiteti olimlari o‘tkazgan yangi mikroskopik va kimyoviy tahlillar bu gipotezalarni rad etmoqda.
«Biz ularni hech qanday ma’lum toifa bilan bog‘lay olmadik. Prototaksitlar na qo‘ziqorin, na o‘simlik, na boshqa hujayrali jonzotlarga o‘xshaydi. Ular o‘zgacha hujayraviy tuzilmaga ega», — deyiladi tadqiqot xulosasida.
Mutaxassislar fikricha, prototaksitlar o‘ziga xos eukariot hayot shakli bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ular kech silur va devon davridagi botqoq landshaftlarda yashagan va o‘sha paytdagi oddiy paporotniklar va yulg‘unlar orasida haqiqiy gigantlar bo‘lib ko‘ringan.
Bu organizmlar qadimgi ekotizimlarda qanday rol o‘ynagani noma’lum. Balki ular evolyutsiyaning bir qismi sifatida paydo bo‘lib, keyin yo‘qolgan. Biroq ularning mavjudligi hayot rivoji qanchalar noodatiy va xilma-xil bo‘lishi mumkinligini yana bir bor isbotlaydi.











