Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Davaktiv agentligi direktorining «Maydoni 2000 kvadrat metrgacha bo‘lgan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektlarini jismoniy shaxslarning onlayn-buyurtmanomasiga asosan xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi buyrug‘i loyihasi e’lon qilindi.
Loyihaga muvofiq:
Maydoni 2000 kv.metrgacha bo‘lgan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektini aniqlagan jismoniy shaxs One ID tizimidan identifikatsiyadan o‘tgandan so‘ng, ushbu obektni onlayn-auksion savdolarga chiqarish haqida onlayn-buyurtma beradi.
Buyurtmada quyidagilar aks ettirilishi lozim:
- obekt manzili;
- obekt fotosuratlari va aniq geolokatsiyasi;
- yer maydoni va bino-inshootlar maydoni;
- bo‘sh turgan obektdan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar.
- buyurtma tegishli hududning hokim yordamchisiga kelib tushadi va bir kun ichida u tomonidan obektning mulkchilik shakli aniqlashtiriladi;
- bo‘sh turgan bino davlat ko‘chmas mulk obektiga oidligi tasdiqlanganda hokim yordamchisi tizimga obektning kadastr hujjatlari va kadastr raqamini joylashtiradi;
- sotuvchi/ijaraga beruvchining vakillari uch kun ichida obektni xatlovdan o‘tkazib, cheklovlar mavjud bo‘lmagan taqdirda obektni sotish/ijaraga berish uchun onlayn auksionga chiqarish haqida qaror qabul qilishadi.
- obekt onlayn-auksionga chiqarilgandan so‘ng, buyurtma bergan jismoniy shaxsga tegishli sms-xabar yuboriladi.
Loyiha o‘zgartirilishi, to‘ldirilishi yoki rad etilishi mumkin.
Ma’lumot uchun: 2023 yil 1 iyuldan boshlab, jismoniy shaxslarga «Davlat mulki» axborot tizimi orqali maydoni 2 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obektlarini xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha ariza topshirish huquqi beriladi.











