Guterrish Komboja poytaxti Pnompen shahrida tashkillashtirilgan Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) sammitidan keyingi matbuot anjumanida Ukrainadagi urush bo‘yicha BMT pozitsiyasi aniqligini ta’kidlab o‘tgan.
BMT Bosh kotibi faqatgina Ukrainaning hududiy yaxlitligi xalqaro tan olingan chegaralarda to‘liq tiklangandan keyingida kelishuvga erishish mumkinligini qayd etdi.
Guterrishga ko‘ra, kelgusida tinchlikka erishish uchun Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muloqotni tiklash uchun shart-sharoitlar yaratish ayni damda o‘ta muhim masala hisoblanadi.
«Har qanday tinchlik emas, BMT Nizomi qadriyatlari va xalqaro huquq me’yorlariga mos tinchlik kerak», — degan Guterrish.
Guterrishning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainadagi urush, global energetik va oziq-ovqat inqirozi, iqlim bilan bog‘liq favqulodda vaziyat ASEAN sammitining kun tartibidan o‘rin olgan. «Bugungi tashvishli onlarda hududiy tashkilotlar, jumladan ASEAN global yechimlarni topish uchun muhim ahamiyatga ega», — degan BMT Bosh kotibi.
Guterrish shuningdek, BMT Ukraina g‘allasini bozorlarga qaytarish, Rossiyaning oziq-ovqat va o‘g‘itlarini eksport qilinishi oldidagi to‘siqlarni yo‘q qilish bo‘yicha tashabbuslar ko‘rsatib, global oziq-ovqat inqirozini yumshatish ustida ish olib borayotganini ta’kidladi.












