G20 moliya vazirlarining Balidagi uchrashuvi, aftidan, yakuniy kommyunikesiz yakunlanadi, bunga sabab ishtirokchilarning Rossiya Ukrainada olib borayotgan urushini, shuningdek, ushbu tajovuz oqibatlarini baholashdagi kelishmovchiligi bo‘lgan. Bu haqda 16 iyul, shanba kuni Reuters agentligi Moliya vazirliklari rahbarlarining uchrashuvi bilan tanish bo‘lgan ismi oshkor etilmagan ikki suhbatdoshiga tayanib xabar berdi. Indoneziya moliya vaziri Shri Mulyani Indravati bu ikki kunlik sammitni alohida bayonot bilan yakunlashi kutilmoqda.
«G20 a’zolaridan biri to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi kerak bo‘lgan Ukrainadagi urush «Yigirmatalik guruh»ning harakat va muzokaralar olib borish qobiliyatiga jiddiy zarar yetkazdi», — deyiladi Fransiya Moliya vazirligi bayonotida. Shu bilan birga, Reuters agentligiga ko‘ra, rivojlanayotgan yetakchi iqtisodiyotlar – Xitoy, Hindiston va JAR vakillari Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini baholashda ancha vazmin pozitsiyani egallayapti. Bir kun avval AQSh moliya vaziri Janet Yyellen va uning kanadalik hamkasbi Xristya Friland Ukrainadagi urushni ayni damda jahon iqtisodiyoti uchun eng katta tahdid deb atadi. Friland o‘zining Twitter mikroblogida Rossiya vakillarining Balida bo‘lishini «o‘t o‘chiruvchilar yig‘ilishida o‘t qo‘yuvchining ishtiroki» bilan solishtirdi.
Reuters xabariga ko‘ra, Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov sammitda virtual ishtirok etgan, uning vakili majlislar zalida bo‘lgan. Muzokaralar chog‘ida sammit ishtirokchilari past rivojlangan mamlakatlarning qarzlarini yengillashtirish, jahon iqtisodiyotini bo‘lajak pandemiyalarga tayyorlash, inflatsiyaga qarshi kurashish kabi mavzularni muhokama qildi.











