Kecha, 13 yanvar kuni O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan OAV vakillari va blogerlar uchun Toshkent harbiy okrugida joylashgan harbiy qismlarga press-tur tashkil etildi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Harbiy okrugdagi desantchilar va artilleriyachilar harbiy qismlarida O‘zbekiston armiyasi tomonidan foydalanilayotgan harbiy texnikalar, qurol-yarog‘lar namoyish qilindi. Shuningdek, mutaxassislar harbiy aslahalarning texnik xususiyatlari bilan tanishtirdi.

Bundan tashqari, harbiylar nazariy bilim olishlari uchun tayyorlangan o‘quv-mashg‘ulot va sinf xonalari, tibbiy tayyorgarlik bo‘yicha markazlar haqida ma’lumot berildi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Shuningdek, press-tur davomida artilleriyachilar tomonidan estafeta, desantchilar tomonidan maxsus trenajyorlarda parashyut bilan sakrash mashqlari hamda qo‘l jangi tomoshalari ko‘rsatildi.

Alisher A’zamov / Foto: Kun.uz

“Bugun OAV vakillari va blogerlar uchun “ochiq eshiklar kuni” tashkil qilinib, barcha qurol aslaha va harbiy texnikalarning ko‘rgazmali namoyishi bo‘lib o‘tmoqda. Maqsadimiz – yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va armiyaga muhabbatini oshirish. Bugungi kunda Qurolli Kuchlarimiz barcha turdagi zamonaviy qurol-aslahalar bilan ta’minlangan bo‘lib, O‘zbekistonni mustahkam himoya qilishga qodirdir. Barcha o‘zbekistonliklarni vatan himoyachilari kuni bilan tabriklayman,” – deydi podpolkovnik Alisher A’zamov.