Bugun, 13 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Toshkent shahrida Qurolli Kuchlar tizimiga kiruvchi vazirliklar va idoralar harbiy xizmatchilari ishtirokida harbiy-vatanparvarlik paradi o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar bermoqda.
«Turkiston» san’at saroyi maydonidan boshlangan harbiy-vatanparvarlik paradi Alisher Navoiy, Sharof Rashidov, Islom Karimov ko‘chalari bo‘ylab “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyiga qadar davom etdi.
Mazkur paradda 1200 nafardan ortiq kuch tuzilmalari vakillari, harbiy orkestr jamoalari ishtirok etdi.
“Xalqlar do‘stligi” maydonida esa harbiy orkestr, harbiy ansambl va taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturlari bo‘lib o‘tmoqda.











