"Geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risida"gi Qonunning 16-moddasiga muvofiq geodeziya va kartografiyaga oid ishlarning turlari quyidagilarga bo‘linadi: umumdavlat ahamiyatiga molik ishlar; maxsus (tarmoqqa oid) ahamiyatga molik ishlar.
Ro‘yxatning nomi yangi tahrirda qabul qilindi: DSQ huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan bajariladigan geodeziya va kartografiyaga oid ishlar ro‘yxati.
DSQ huzuridagi Kadastr agentligiga quyidagi umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarish topshirildi:
- sun'iy yo‘ldosh navigatsiya tizimlarining ishlashini ta'minlash uchun geodeziya va kartografiyaga doir materiallarni (ma'lumotlarni) yaratish;
- davlat fundamental gravimetrik tarmog‘idan va 1-sinf davlat gravimetrik tarmog‘idan iborat davlat gravimetrik tarmog‘ini yaratish;
- gravimetrik zichlashtirish tarmoqlarini qurish yo‘li bilan davlat gravimetrik tarmog‘ini rivojlantirish;
- davlat gravimetrik tarmog‘i punktlarini tadqiq etish va tiklash;
- kartografiya-geodeziya davlat kadastrini yuritish;
- ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va tajriba-texnologik ishlarni olib borish;
- geodeziya va kartografiya faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish.











