Prezident “Raqs san'ati sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va Xalq ta'limi vazirligining:

Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi negizida davlat oliy ta'lim muassasasi shaklida Madaniyat vazirligi tizimida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasini tashkil etish;

Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi tizimidagi Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktabini Akademiya tizimidagi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga aylantirish;

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Buxoro, Qarshi, Namangan va Urganch shaharlarida Akademiya huzurida ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich raqs san'ati maktab-internatlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Quyidagilar belgilandi:

a) Akademiyaning asosiy vazifalari etib:

kadrlar tayyorlash jarayoniga sohaning yetuk va malakali mutaxassislarini jalb qilish orqali ilm-fan va ta'limning o‘zaro integratsiyasini ta'minlash;

raqs san'ati bo‘yicha yuqori malakali bakalavr va magistrlarni, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;

ilmiy tadqiqotlar natijalari bo‘yicha ma'naviy-ma'rifiy va ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish;

talaba-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalliy va xalqaro grantlar asosida ularning xorijda ta'lim olishi, ilmiy-ijodiy ishlar olib borishini samarali yo‘lga qo‘yish, hamkorlikdagi konsert dasturlarini tashkil etish;

kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy-ijodiy faoliyatni yanada rivojlantirish, uning samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli talaba-yoshlarni ushbu yo‘nalishga keng jalb etish;

soha mutaxassislarini xorijiy turdosh oliy ta'lim muassasalarida qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, stajirovka o‘tash tizimini tashkil etish;

talabalarning ilmiy-tadqiqot muassasalari bazalarida hamda xorijiy mamlakatlarning yetakchi tashkilotlarida tizimli ravishda qisqa va uzoq muddatli amaliyotlarni tashkil etish;

b) Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internati va ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich raqs san'ati maktab-internatining asosiy vazifalari etib:

o‘qitishning zamonaviy va ilg‘or uslublaridan keng foydalanish, o‘quvchilar iqtidorini har tomonlama rivojlantirish;

raqs san'atiga iqtidori bo‘lgan yoshlarni joylarda saralab olish, ularni kasbga yo‘naltirish va xoreografiya ta'limi sohasida uzviylikni ta'minlash;

ta'lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalarni, madaniyat va san'at sohasida ilm-fan bo‘yicha erishilgan ilg‘or yutuqlarni tatbiq etish;

o‘quvchilarni kelgusida raqs yo‘nalishidagi oliy ta'lim muassasasida o‘qishini davom ettirishi yoki mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun ixtisoslik fanlaridan chuqurlashtirilgan va kasbga yo‘naltirgan holda sifatli o‘qitish;

o‘qitish jarayoniga yetuk va malakali raqs san'ati mutaxassislarini jalb qilish va ularning samarali mehnat faoliyati olib borishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.

Belgilab qo‘yilishicha:

a) Akademiya Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

b) maktab-internatlar Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisob raqamiga, Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhr, shtamp va blankaga ega bo‘ladi;

v) ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich raqs san'ati maktab-internatlarda ta'lim 1-4-sinflarda, Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internatda 1-11-sinflarda olib boriladi;

g) o‘qishga qabul ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich raqs san'ati maktab-internatlarga 1-sinfdan, Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga 1 va 5-sinflardan amalga oshiriladi.

Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internat Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Yusuf Xos Hojib ko‘chasi, 31-uy manzilidagi binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.