O‘zbekistonning 4 vakili ham saralash bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etishdi.
Dastlab, -61 kg vazn toifasida Abbos Rahmonov filippinlik Yegor Dmitriyevni osonlik bilan yengdi (14:2). Endi uning 1/8 finaldagi raqibi ruminiyalik Nikolai Oxlopkov bo‘ladi.
-79 kg vazn toifasida Rashid Qurbonov Janubiy Koreya vakili Jang Vumin bilan kuch sinashdi va 12:2 hisobida g‘alaba qozondi. Endi u 1/8 finalda eronlik Bahmad Muhammad Temuriy bilan chorak final yo‘llanmasi uchun kurashadi.
-86 kg vazn toifasidagi saralash bahslarining birinchi bosqichida Jabroil Shapiyevga ozarboyjonlik Aleksandr Gotsiyev raqib bo‘ldi. O‘zbekistonlik sportchi bu bahsda 4:1 hisobidagi g‘alabaga erishdi, keyin u 1/16 finalda gruziyalik Sandro Aminashvilini 6:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, keyingi bosqichga o‘tdi. Uning nimchorak finaldagi raqibi kim bo‘lishi hozircha ma'lum emas.
-97 kg vazn toifasida Magomed Ibragimov polshalik sportchi Radoslav Baranni osonlik bilan taslim etdi - 10:0. Endi u 1/8 finalda ruminiyalik Albert Saritovga qarshi gilamga tushadi.
Ma'lumot uchun, yuqoridagilardan faqat -86 va -97 kg vazn toifalari Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan.
Bundan avvalroq, -125 kilogramm vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Hasanboy Rahimov bronza uchun o‘tish bosqichida moldovalik Aleksandr Romanovni 6:0 hisobida mag‘lub etib, Tokio-2020 Olimpiadasiga yo‘llanma olgandi. Endi u kechki dasturda bronza uchun gilamga chiqadi, unga xitoylik Jivei Den raqiblik qiladi.
-70 kg vazn toifasidagi Ixtiyor Navro‘zov esa bronza uchun o‘tish turnirida gruziyalik Zurabi Yakobishviliga mag‘lub bo‘lib, turnirni medalsiz hamda Olimpiada yo‘llanmasisiz yakunladi.











