O‘yin arafasida albanlar madhiyasi o‘rniga Andorra madhiyasi yangragan. Bu holat albaniyalik muxlislar tomonidan hushtakbozliklar bilan qarshi olingan.

Albaniyalik futbolchilar esa madhiyaning to‘g‘ri varianti qo‘yilmagunicha o‘yinni boshlashdan bosh tortishgan. Keyin stadion suxandoni xatolik uchun uzr so‘ragan, ammo albaniyaliklardan emas, armanistonliklardan.

Natijada, Parijdagi «Sen-Deni» stadionidagi o‘yin biroz kechroq boshlangan.

Uchrashuv maydon egalarining 4:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Fransiya terma jamoasi saralashning H guruhida 5 turdan keyin 12 ochko jamg‘argan holda birinchi o‘rinda bormoqda, albanlar 6 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda joylashgan.