Foto: EHT Collaboration/UCL

Suratning o‘ziga xosligi shundaki, bungacha qora tuynukning har bir tasviri simulyatsiya yoki nazariy ma'lumotlarga asoslangan rasm bo‘lgan. Qora tuynukning batafsil surati 8 ta kuchli radioteleskopni birlashtirgan Event Horizon Telescope loyihasi doirasida olindi. Bu surat ushbu astrofizik obektlar mavjudligining 100 foizlik isboti hisoblanadi – avval qora tuynuklarni juda olisda joylashgani sababli ko‘rishning iloji bo‘lmagan, ularning qanday ko‘rinishini faqatgina taxmin qilish mumkin bo‘lgan. Shuningdek, qora tuynuk atrofidagi hodisalar gorizonti yorug‘ halqa yoki yarimoyga o‘xshashligi haqida nazariya mavjud bo‘lgan.  

Zamonamizning eng buyuk fiziklari Albert Eynshteyn va Stiven Xoking uchun adog‘i yo‘q mavzu bo‘lgan qora tuynukning real tasviri haqiqatga aylandi. Bu obektlarning o‘ziga xosligi shundaki, ular ichida fizikaning barcha qonunlari amal qilishdan to‘xtaydi, vaqt to‘xtab qoladi, istalgan materiya va nur izsiz yo‘qoladi.

Suratdagi qora tuynuk ortidan kuzatuv 2017 yil bahorida olib borilgan, biroq olingan suratlarni qayta ishlash uchun olimlarga 2 yil vaqt talab etilgan.

Qora tuynukni aslida ko‘rib bo‘lmaydi va shu sababli suratda uning atrofidagi soyani ko‘rish mumkin. Markazdagi obekt esa aynan qora tuynuk hisoblanadi.