O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining quyidagilar to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi:

a) O‘zbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga:

havo kemalari ekspluatantlariga bir martalik parvozlarni amalga oshirish;

aerodrom atrofidagi parvozlar xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatnomalar berishga oid vakolatlarni o‘tkazish;

b) Ishchi komissiya tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq, “Maxsus aviatsiya ishlari aviakompaniyasi” DUK tomonidan foydalanilayotgan AN-2 havo kemalarini va tegishli aviatsiya mulkini qoldiq qiymati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlariga o‘tkazish;

v) “O‘zaeronavigatsiya” davlat korxonasiga O‘zbekiston Respublikasining samoviy hududidan tranzit foydalanishda ko‘rsatilgan aeronavigatsiya xizmatlari uchun xorijiy aviakompaniyalarning kechiktirilgan debitor qarzdorligini aeronavigatsiya xizmatlari ko‘rsatilgani tasdiqlangan vaqtdan boshlab 12 oy davomida undirish huquqini berish.