Bu ko‘rsatkichda velosiped sporti bo‘yicha ayollar milliy terma jamoasi a'zosi Olga Zabelinskayaning hissasi ulkan. Joriy yilning 14 oktabr kuni Fransiyada shosse bo‘yicha professional velosportchilar o‘rtasida “Chrono des Nations” xalqaro turnirida velosiped sporti bo‘yicha O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi a'zosi Olga Zabelinskaya ham ishtirok etdi. U 26,5 kilometr masofaga o‘tkazilgan poygada barcha raqiblarini ortda qoldirib, 35 daqiqa 54 soniya (o‘rtacha tezlik 45 km/soat) birinchi bo‘lib marraga yetib borib, oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.

Ma'lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish joizki, joriy yilning 28 oktabr kuni “Milliy” stadionda O‘zbekiston velosiped sporti Federatsiyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (OBSe) bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston velosiped sport Federatsiyasi raisi T.Narbayeva hududlarda velosiped sporti bo‘yicha havaskor ayollar klublarini tashkil etish ayollarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga, ularning huquq va erkinliklarini himoyalashga, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishga xizmat qilishini ta'kidlab o‘tgan edi. Bundan tashqari, kelajakda velosiped sporti bo‘yicha O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoa a'zosi O.Zabelinskayaning ayollar terma jamoasini shakllantirish bo‘yicha mas'ul etib tayinlash, Yevropadagi professional ayollar klublari bilan hamkorlik o‘rnatgan holda, har bir hududda velosiped sporti bo‘yicha ayollar klublari tashkil etib, mazkur klublarda O.Zabelinskaya ishtirokida mahorat darslari o‘tish rejalashtirilganligini ta'kidlab o‘tgan edi.