Uning bildirishicha, viloyatning Navbahor tumanidagi “Sarmish” xo‘jaligi mulklarini auksion orqali tadbirkorlarga sotishda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar, shunga doir maqola e'lon qilinganidan so‘ng, jiddiy tarzda o‘rganib chiqilgan hamda O‘zR Jinoyat kodeksining 205-moddasi, ya'ni hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Koziyevga ko‘ra, ayni vaqtda mazkur jinoiy ish yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda. Shu munosabat bilan auksionda o‘z huquqlari poymol etilgan, deb hisoblovchi tadbirkorlar ariza bilan viloyat prokuraturasi tegishli bo‘limiga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.  

Eslatib o‘tamiz, O‘zR Jinoiy-protsessual kodeksi 322-moddasi, 3-bandiga muvofiq, ommaviy axborot vositalari bergan xabarlar ham jinoiy ish qo‘zg‘atishga sabab va asos bo‘lishi belgilangan. Shu yilning 1 avgustida “Sarmish”ning 15 mingdan ortiq qo‘yi qayoqqa g‘oyib bo‘ldi?” sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.