“Bugunga kelib Markaziy Osiyo qishloq xo‘jalik yerlarining 90 foizdan ortig‘i sun'iy sug‘orishni talab etadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Markaziy Osiyoda agrar sektorda band bo‘lgan 55 milliondan ziyod kishining turmush sharoiti to‘g‘ridan-to‘g‘ri suv bilan ta'minlanganlik darajasiga bog‘liq”, - deydi u.
Foto: Xalqaro Press-klub
BMT ekspertlari hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish natijasidagi iqtisodiy foyda mintaqaviy YaIMning 5 foizini yoki 20 milliard dollarni tashkil qilishi mumkin.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston mintaqadagi barcha mamlakatlar manfaatini inobatga olib, BMT tomonidan taklif qilingan Amudaryo va Sirdaryo suv resurslaridan foydalanish konvensiyasi qo‘shma ishlanmasini faollashtirishni taklif qildi.
“Fursatdan foydalanib, sizlarning e'tiboringizni zamonamizning eng dolzarb ekologik muammolaridan biri – Orol fojiasiga qaratmoqchi edim. Bu nafaqat bizning umumiy ekologik fojiamiz, balki birgalikdagi amaliy sa'y-harakatlarni talab qiluvchi juda jiddiy vazifamiz hamdir”, - qo‘shimcha qildi u.
BMT ma'lumotlariga ko‘ra, 1950 yildan to bugunga qadar sayyoramiz aholisi deyarli uch baravarga oshib, 7 milliarddan ziyod kishini tashkil qildi.
Otajonovning so‘zlariga ko‘ra, dunyoning barcha mamlakatlari, jumladan Markaziy Osiyo mintaqasi oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri atrof-muhitning chiqindilar bilan ifloslanishidir. Plastikdan maishiy foydalanish hajmi 300 million tonnadan oshdi.
“Vaziyatdan kelib chiqib O‘zbekiston hukumati chiqindilar masalasida ichki siyosatni to‘liq qayta ko‘rib chiqdi, bu yo‘nalishda ularning hosil bo‘lishidan to utilizatsiyasi va qayta ishlanishigacha integratsiyalashgan yondashuvlar qo‘llanmoqda. Respublikada maishiy chiqindilarni kompleks boshqarishga doir zamonaviy klasterlar ishlab chiqilmoqda, yangi iqtisodiy boshqaruv mexanizmlari joriy qilindi. Biz jahon standartlariga asoslanib, qattiq maishiy chiqindilardan foydalanishga nisbatan mutlaqo yangi strategiyani qo‘llash niyatidamiz”, - dedi u.










